Joriy yilning 4 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligining sayti — uza.uzda «MIB bazasidagi ma’lumot xato chiqdi» nomli ma’lumot joylashtirilgan. Ushbu sayt manbasi asosida, «Gazeta.uz» va «xs.uz» saytlarda ham shu mazmundagi ma’lumotlar tarqatildi.

Ma’lumotda Majburiy ijro byurosining Payariq tuman bo‘limi xodimlari tomonidan «Gulzor» mahallasida yashovchi iste’molchining 7 mln. 397 ming 564 so‘mlik qarzdor ekanini aytishganini va qarzdorlik zudlik bilan to‘lanmasa, chora ko‘rilishi haqida ogohlantirishganini, holat Payariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutasaddilari tomonidan o‘rganilib, iste’molchining 232 ming 751 so‘mlik ortiqcha to‘lovi borligi aniqlangani bildirilgan.

Majburiy ijro byurosi tomonidan olib borilgan o‘rganishda, Byuroning Payariq tuman bo‘limi davlat inspektori A. Abdukarimov, tuman elektr taromoqlari korxonasi tomonidan taqdim etilgan qarzdorlik ro‘yxati asosida Payariq tumani «Gulzor» MFYda yashovchi M. Jo‘raqulovaga elektr energiyasidan 7 mln. 397 ming 564 so‘mlik qarzdorligi mavjudligini ma’lum qilgan.

Iste’molchi ushbu qarzdorlik haqida e’tiroz bildirganida, mavjud hujjatlari va tuman elektr tarmoqlari korxonasidagi iste’molchining shaxsiy hisob varaqasi o‘rganilib, natijada, ushbu qarzdorlik 09.06.2016 yilda tuman Elektr tarmoqlari korxonasi xodimi Akbar Po‘latov tomonidan xonadondagi mavjud hisoblagich ko‘rsatkichi dasturga noto‘g‘ri kiritilishi oqibatida hosil bo‘lganligi aniqlangan.

Shundan so‘ng, 2018 yil 12 iyun kuni davlat inspektori A. Abdukarimov tomonidan tumandagi «Energiya resurslari va suv ta’minoti bo‘yicha mavjud umidsiz va asossiz hisoblangan qarzdorliklarni o‘rganish to‘g‘risida» tuzilgan ishchi guruh a’zolari bilan xatlov o‘tkazilib, dalolatnomaga asosan elektr energiyasidan asossiz hisoblangan qarzdorlik iste’molchiga amaliy yordam ko‘rsatish orqali hisobdan chiqarilgan va 232.751 so‘mlik ortiqcha to‘lovi mavjudligi aniqlangan.