O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi lavozimi joriy qilindi, deyiladi Norma.uz xabarida.

Vazirlik saytida berilgan axborotga ko‘ra, maslahatchi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan:

JST kotibiyatiga taqdim etish maqsadida respublikaning tashqi savdo tartibini ta’riflovchi asosiy hujjatni (Memorandum) tayyorlashda amaliy ko‘maklashish;

JST bitimlari qoidalariga muvofiq respublikaning milliy qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;

xalqaro ekspertning yaqinda JSTga qo‘shilgan boshqa mamlakatlaridagi tajribasi asosida respublikaning xalqaro konvensiyalar va shartnomalarga qo‘shilishi bo‘yicha takliflarni tayyorlash;

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha takliflarni tayyorlash, xususan, uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazish masalalari bo‘yicha muzokara guruhi a’zolari bilan davra suhbatlari va mavzuga oid uchrashuvlarni o‘tkazish;

JSTga a’zo bo‘lish yuzasidan savdo muzokaralarini o‘tkazish taktika va strategiyasi bo‘yicha seminarlar va davra suhbatlarini o‘tkazish.

Mazkur lavozimga xalqaro savdo huquqi sohasidagi ekspert Yovan Yekich tayinlandi. U xalqaro tijoriy huquq, intellektual mulk himoyasi, bojxona qoida va tartibotlari, savdo siyosatini tartibga solish, savdo va investitsion siyosat sohalarida 35 yildan ortiq tajribaga ega. 2001−2017 yillarda Ozarbayjon, Tojikiston, shuningdek Serbiya va Chernogoriya hukumatlariga JSTga a’zo bo‘lish masalalari bo‘yicha konsultativ ko‘mak bergan. Ekspert Jenevadagi JST Kotibiyati vakillari va tashkilotning boshqa a’zolari muzokara guruhlari bilan konstruktiv va funksional aloqada bo‘ladi.