O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4 oktyabrdagi farmoni bilan Fransiya fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishda vizasiz rejim joriy etildi. Farmon 5 oktyabr kuni kuchga kirdi, deya xabar qildi Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qaror madaniy, ilmiy, ta’limiy almashuvlarga xizmat qiluvchi, sarmoyaviy muhitni yaxshilab, mamlakatlar sayyohlik salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadlarida qabul qilindi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda Fransiyadan O‘zbekistonga 4889 nafar, 2017 yilda — 5748 nafar, 2018 yilning birinchi sakkiz oyida esa — 9172 nafar sayyoh tashrif buyurgan.

Eslatib o‘tamiz, 8−9 oktyabr kunlari Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ladi. Tashrif jarayonida prezident Emmanuel Makron, parlament rahbariyati, fransuz kompaniyalari va moliya institutlari vakillari, shuningdek YUNESKO bosh direktori Odri Azule bilan muzokaralar o‘tkazadi.