O‘zbekistonda 2019 yilning 1 apreliga qadar uyma-uy yurib aylanish orqali fuqarolarning pasport ma’lumotlarini Ichki ishlar vazirligining axborot bazasidagi ko‘chmas mulk ob’ektining kadastr raqamiga bog‘lagan holda, doimiy va vaqtincha yashash joylarining manzillari to‘g‘risidagi axborot umumlashtiriladi. Ushbu sanaga qadar ko‘chmas mulk obxektlarini inventarizatsiya qilish jarayoni yakuniga yetib, Ko‘chmas mulk ob’ektlarining yagona reyestri hamda Ko‘chmas mulk ob’ektlari manzillarining yagona reyestri shakllantirilishi lozim.

Mazkur choralar prezident SHAvkat Mirziyoyevning 4 oktyabrdagi saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yilning dekabrida Toshkentda xalq deputatlari tuman kengashlari saylovi jarayonida saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini joriy qilishga yo‘naltirilgan saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi sinovdan o‘tkazilgan edi. 2018 yil 1 apreligacha butun mamlakatda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYAER) ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi, biroq bu muddat o‘zgartirildi.

Qarorda qayd etilishicha, SYAERni joriy etishda qator tizimli muammolar va kamchiliklar, jumladan saylovchilar yashash joyi to‘g‘risidagi ishonchsiz ma’lumotlar, ko‘chmas mulk ob’ektlari reyestrining mavjud emasligi va ko‘chmas mulk ob’ektlari reyestridagi eskirgan ma’lumotlar to‘sqinlik qildi. Shu sababli bir saylovchi bir vaqtda bir necha ro‘yxatga kirib qolishi mumkin edi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uyma-uy yurib o‘rganish natijasida to‘plangan axborotni Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar axborot bazasiga kiritish uchun kompyuter uskunalari bilan jihozlangan zarur xonalar va xodimlarni ajratish topshirildi.

Ko‘chmas mulk ob’ektlarining yagona reyestri va Ko‘chmas mulk ob’ektlari manzillari yagona reyestri «Elektron hukumat» tizimiga integratsiyalashtiriladi. Bunda fuqarolarga o‘z saylov uchastkalarini aniqlashtirish va ularni o‘zgartirish imkoniyati taqdim etiladi.