Toshkent viloyati hokimiyati Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.N. pora olayotganda ushlandi, deya xabar qildi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi.

3 oktyabr kuni fuqaro A.S. Ichki ishlar vazirligiga ariza bilan murojaat qilib, unda o‘zini Toshkent viloyati hokimligi Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari deb tanishtirgan shaxs unga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Bo‘stonliq tumanidagi turizm uchun ajratilgan zahira yerlardan 3 gektar yer maydoni olib berishga va’da qilib, evaziga oldindan 5000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni berishini talab qilayotganini aytdi.

Shu kuni vazirlikning tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida, Toshkent viloyati hokimligi Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlovchi J.N. Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent ko‘chasida ariza muallifidan 5000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Ushbu holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.