Ertaga Indoneziyada III Paraosiyo o‘yinlari rasman start oladi. Asosiy musobaqalar boshlanishiga ikki kun qolganida O‘zbekiston vakillari navbatdagi rasmiy tadbir — ishtirokchi mamlakatlarning bayroqlarini ko‘tarish marosimida qatnashdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi vakillari, murabbiylar va sportchilar ishtirok etishdi. O‘zbekiston madhiyasi sadolari ostida davlat bayrog‘i ko‘tarildi. Marosim davomida O‘zbekiston bayrog‘i bilan bir qatorda Singapur, Livan, Yaman va Mo‘g‘uliston bayroqlari ham ko‘tarildi.

Tadbir yakunida Paralimpiya shaharchasi meri Rafiq Hakim Radinal delegatsiyalar rahbarlariga esdalik sovg‘alarini topshirdi. O‘z navbatida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi nomidan mezbonlarga atalgan esdalik sovg‘asi tuhfa qilindi.