«Zarafshon» gazetasi muxbiri Samarqand shahridagi Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi bir qator uylar buzilayotgani munosabati bilan Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari Bobir Elmurodovga murojaat qildi.

— Bo‘stonsaroy ko‘chasida ayni vaqtda 30 ta uy buzilmoqda, — deydi Bobir Elmurodov. — Yana bir necha binolar buzilishi rejalashtirilmoqda. Sababi, ko‘cha kengaytiriladi. Avtomobil yo‘li sakkiz qatorli bo‘ladi. Piyodalar yo‘lagi, ariq va yashil maydonlar bilan jami ko‘cha eni 43 metrga yetadi. Uy egalari bilan tegishli shartnoma tuzilgan bo‘lib, ularga uyning hajmiga qarab 10 ming AQSH dollaridan 60 ming dollargacha mablag‘ to‘lab berilgan. Xonadon sohiblari ayni vaqtda uylardagi qurilish mollarini olib ketishmoqda.

Hozirda Bo‘stonsaroy vaRudakiy ko‘chalari kesishmasi hamda Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi Siyob arig‘i ustida yo‘l o‘tkazgich qurish ishlariga ham kirishilgan.