Xadjizadayev Sherzod Rafatovich Toshkent hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi.


Tayinlovga qadar Sherzod Xadjizadayev (1973 y. t.) Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 1996 yilda Toshkent davlat universitetini, 2001 yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Bank tizimidagi mehnat faoliyatini 1996 yilda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida oddiy mutaxassislikdan boshlab, bo‘lim boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarilgan. «Asaka» banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari, Markaziy bankning Toshkent bosh boshqarmasi boshlig‘i, «Trastbank» xususiy aksionerlik tijorat banki boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan.

Ungacha mazkur lavozimda joriy yil may oyidan buyon Qahramon Tursunovich Aripov faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Foto: facebook.com/pg/chilonzorhokimligi

Xidoyatov Davron Abdulpattaxovich (1976 y. t.) Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Mazkur lavozim prezidentning 17 avgustdagi «Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida"gi farmoni asosida joriy etilgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1998 yil) va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi (2001) bitiruvchisi. 1996−2004 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida, 2004−2005 yillarda «Osiyo-Invest Bank» (Moskva) boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. 2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida xizmat qilgan.

2017 yil aprelidan bugungi kunga qadar Chilonzor tuman hokimi v. b. lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Yig‘ilish doirasida Inogamov Xayot Ilyasovich (1986 y. t.) Toshkent hokimi o‘rinbosari — Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Bunga qadar Xayot Inogamov O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Tashkent City» xalqaro ishbilarmonlik markazi Direksiyasi davlat unitar korxonasi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2008 yilda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutini tamomlagan.