«O‘zdavneftgazinspeksiya» bosh mutaxassisi Shuhrat Irisov O‘zA muxbiri bilan suhbatda korxonalarni qarzdorligi qanday hal qilinishi yuzasidan savollarga javob berdi.

— Afsuski, qarzdor bo‘lgan korxonaga jarima qo‘llash amaliyoti hech bir hujjatda belgilanmagan. Endilikda qonunchilikka o‘zgartirish kiritish ya’ni energetika audit o‘tkazib, uning yakuni bo‘yicha chora ko‘rmayotgan korxonalarni gaz tarmog‘idan uzib qo‘yish yoki jarima solish bo‘yicha taklif berganmiz. Bu masala hozirda ko‘rib chiqilmoqda.

Yurtimizda ikki ming tonnadan ortiq shartli ya’ni yiliga 200 ming kubdan ziyod yoqilg‘i sarflaydigan 406 tabiiy gaz va neft mahsulotlari ishlatiladigan korxona mavjud. Ularda 2016−2020 yillarda majburiy energetika tekshiruvlari o‘tkazish belgilangan. Bu yil 155ta korxonada audit tekshiruvi o‘tkazish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, hozirda 89 korxonada yakunlandi. Ularda 99 ming tonnadan ziyod shartli yoqilg‘ini tejash manbalari aniqlandi. Demak, korxonalarda energiya tejash imkoniyati yuqoriligi ko‘rinib turibdi.

Bunday tekshiruvlar har bir korxonada 5 yilda bir marta o‘tkazilishi shart. Biroq, korxona rahbarlari audit tekshiruvni maqsadini tushunmagani uchun bunday tekshiruvni istamaydi. Misol uchun, joriy yilda Toshkent shahridagi 35 korxonadan bor yo‘g‘i 15 tasi audit tekshiruvga rozi bo‘lgan. Yana bir tarafi korxona rahbarlari yillik yoki choraklik hisobotlarni noto‘g‘ri taqdim etadi. Shunda auditor korxonaning tejash manbasini topolmaydi. Agarda to‘g‘ri ma’lumotlar berilsa, ishlab chiqarishga sarflanayotgan gaz hajmini iqtisod qilish jihatlari osonlashadi. Ana shunda korxonalar yangi, zamonaviy uskuna xarid qilish orqali tejamkorlikka erishadi.

Energetik audit o‘tkazishga rozi bo‘lgan va ko‘rsatilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etgan korxonalardan biri- «Toshkent yog‘-moy kombinati».

— To‘g‘risi, audit tekshiruvidan bir oz cho‘chib turgan edik, — deydi energetik Bahodir Habibov.- Lekin bundan korxonamiz anchagina foyda ko‘rdi. Ular energiya va gaz sarfi yuqori bo‘lgan qozonxonadagi uskunalarni zamonaviy jihozlarga almashtirish kerakligini aytishdi. Energoauditorning taklifi bilan yaqinda Avstriyadan keltirilgan, tejamkor qozonxonani ishga tushirdik. Endi gazdan 20, elektrdan 30 foiz iqtisod qilinmoqda. Albatta, bunday tejamkorlik korxonamizning moliyaviy jihatdan yuksalishida qo‘l kelmoqda.