«Toshkent va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish» elektron xizmatini olish vaqti besh ish kunidan bir ish kuniga qadar qisqardi, deya xabar berdi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi matbuot xizmati.

Mazkur xizmat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga test rejimida joylashtirild. Uni olish jarayoni esa soddalashtirildi: fuqaro yetti turdagi hujjatni to‘plashi hamda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga borishi shart emas.

Elektron ko‘rinishdagi xizmatni olish uchun OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tish, so‘ngra YAIDXPda avtorizatsiya qilib, «Fuqarolik» bo‘limidagi xizmatdan foydalanish kerak bo‘ladi. Markaz saytida mazkur xizmatdan foydalanish qo‘llanmasi mavjud.

Markazning Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, Toshkentda yiliga o‘rtacha 500 ming O‘zbekiston fuqarosi vaqtinchalik propiska oladi.