Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kompyuter o‘yinlari va totalizatorlarga mukkasidan ketgan G‘ayrat Kulibayevni 18 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda Sevimli TV telekanalining Zamon dasturi xabar qildi.

Reportajda qayd etilishicha, 10 yil davomida onlayn o‘yinlar hadisini olgan G‘ayrat Kulibayev bir kuni elektron karmonidagi puli tugab qoladi. Ungacha 2,35 mlnso‘mni yutqazgan va 200 dollar qarz olgan.

U elektron karmonlarga pul o‘tkazib berish bilan shug‘ullanuvchi Radchenkovning uyiga o‘g‘irlikka kiradi. Kutilmaganda uyda Radchenkovning turmush o‘rtog‘ini uchratib qoladi va uning tanasiga 18 marta pichoq uradi. Ayol hayotdan ko‘z yumadi.

«Taxminan 10 yildan beri kompyuter o‘yinlarini o‘ynayman. Bunday o‘yinlarda yutish imkoniyati juda kam, lekin yutgan vaqtlarimda yana o‘ynashda davom etardim. Maoshimning yarmini oilamga, qolgan qismini o‘yinga sarflar edim. So‘nggi vaqtlarda juda berilib ketdim va o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim», — dedi G‘ayrat Kulibayev.

Sud ayblanuvchini O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-modda 2-qismi «i» bandi hamda 164-modda 3-qism «v» va «g» bandlari bo‘yicha aybdor deb topib, 18 yilga qamoq jazosiga hukm qildi.