Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (bundan keyin — Inspeksiya) biznesni 30 kungacha tekshirish huquqiga ega bo‘ldi (2018 yil 30 sentyabrdagi farmon). Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Idora vakolatiga kiradigan barcha masalalar yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazilishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, Inspeksiya 11 ta yo‘nalishda faoliyat olib boradi va 84 ta funksiyani bajaradi, ularning aksariyati — nazorat funksiyalari. Masalan, qonun hujjatlari talablariga muvofiq barcha tashkilotlarda qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqarish, olib kirish, saqlash va sotish ustidan nazoratni amalga oshirish (Inspeksiya to‘g‘risidagi nizomga qarang).

Bunda tekshiruvlar bildirish tartibida, ya’ni prokuratura organlari bilan oldindan kelishilmay o‘tkaziladi. Prezidentning 27.07.2018 yildagi «Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5490-son Farmoniga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.10.2018 yildan kuchga kirdi.