O‘zbekiston qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar «Xalq so‘zi» gazetasida chop etildi, deya xabar berdi Norma.uz.

Iqlim bo‘yicha Parij bitimining (Parij, 2015 yil 12 dekabr) maqsadi sayyorada global isishni industrial rivojlanish davridagi o‘rtacha haroratga nisbatan Selsiy shkalasi bo‘yicha 2°Sga saqlab turish hamda haroratning 1,5°Sgacha o‘sishini cheklashga erishishdan iborat. 2050 yilga borib issiqxona gazlarining global ajratmalarini 40 — 70 foiz kamaytirish, 2100 yilgacha esa 0 yoki manfiy ko‘rsatkichga yetkazish talab etiladi. Mamlakat 2030 yilga borib erishishi lozim bo‘lgan issiqxona gazlari ajratmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissasini kamaytirish to‘g‘risida IO‘DK kotibiyatiga ma’lumot tayyorlashi Parij bitimini imzolashning majburiy sharti hisoblanadi.

O‘zbekiston Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti Ustavi va Tartib-qoidalarini (Istanbul, 1999 yil 7 noyabr, 2017 yil 7 may holatidagi o‘zgartirishlar bilan) ham ratifikatsiya qildi. Mazkur rgan Islom hamkorlik tashkiloti doirasida faoliyat ko‘rsatib, IHTga a’zo davlatlar o‘rtasida tijoriy hamkorlikni rivojlantirish uchun o‘zaro yangi va amaldagi standartlarni yaratishga chaqiradi.

Qonun bilan Islom hamkorlik tashkiloti Ustaviga kiritilgan tuzatish (Abidjan, 2017 yil 10−11 iyul) ham ratifikatsiya qilindi.