O‘zbekistonda tramadol va pregabalin («lirika») singari psixofaol dori vositalari savdosi uchun javobgarlikka tortish boshlanadi. Oliy Majlis Senati qonunchilikka kiritilayotgan jamoatchilik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlarni ma’qulladi.

Parlament yuqori palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitasida doimiy asosda faoliyat olib boruvchi senator Shuhrat Cho‘lliyev IIV ma’lumotlariga tayanib, 2015 yildan 2018 yil iyuliga qadar sakkiz turdagi shu kabi sintetik kannabinoidlar aniqlanganini ma’lum qildi. Ular O‘zbekistonda aylanishi taqiqlangan yoki cheklangan narkotik va psixotrop vositalar ro‘yxatiga kiritilmagan.

Shuhrat Cho‘lliyev jismoniy shaxslar dorixonalardan tashqarida dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanayotgani holatlari borligini qayd etib o‘tdi. Ko‘chalardagi «farmatsevtik bozorlar"da ro‘yxatga kiritilmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan psixofaol dori vositalari sotilmoqda. «Iste’mol qilinganda «eyforiya"ni keltirib chiqaruvchi preparatlar ham aniqlandi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyat fuqarolar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 2017 yilda 67 ta shunday huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, joriy yilning yetti oyi davomida 84 taga yetdi.

Dori vositalari va farmatsevtik faoliyat to‘g‘risidagi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, dori vositalari faqatgina dorixona muassasalari va ularning filiallarida sotilishi mumkin. Biroq qonunchilikda mazkur moddani buzganlik uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanmagan.

«Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasining ma’lum qilishicha, tramadol, pregabalik («lirika»), zopiklon («sonnat») kabilar narkotik va psixofaol dori vositalari ro‘yxatida bo‘lgani sababli dori vositalari sotuvchilarini javobgarlikka tortish imkoniyati yo‘q edi.

«Avvallari ko‘pi bilan ular militsiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagani uchun (Jinoyat kodeksining 194-moddasi — tahr.) javobgarlikka tortilar, aksariyat hollarda ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan. Endilikda ularga qarshi kurashda qonuniy dastak mavjud», — dedi suhbatdosh.

Axborot manbasi tramadol va pregabalin ushbu ro‘yxatga kiritilishi aniq ekanini aytib o‘tdi.

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga narkotik moddalar va prekursorlarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi o‘zgartishlar kiritiladi.