Shvetsiya Qirollik fanlar akademiyasi fizika va tibbiyot yo‘nalishlarida Nobel mukofoti sovrindorlari nomini ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

1 oktyabr kuni tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga saraton immunoterapiyasining yangi uslubini ishlab chiqqan Jeyms Ellison va Tasuku Xondzyo loyiq topildi.

2 oktyabr kuni esa Artur Eshkin, Jerard Muru va Donna Striklend lazer fizikasi sohasidagi tadqiqotlari uchun Nobel mukofotiga munosib ko‘rildi.

Nobel qo‘mitasidan qayd etilishicha, ularning kashfiyoti lazer fizikasida inqilob yasadi va bugun o‘ta kichik ob’ektlar hamda bemisl tezlikdagi jarayonlarni kuzatish osonlashdi.

Eshkin optik pinsetlar va ularning biologik tizimlarda qo‘llanishi uchun mukofotning yarmiga egalik qiladi. Ikkinchi yarmi esa yuqori intensivli ultraqisqa optik impulslar generatsiyasi uslubi uchun professorlar Muru va Striklendga topshiriladi.

3 oktyabr kuni kimyo bo‘yicha Nobel sovrindori, 5 oktyabrda tinchlik mukofoti laureati, 8 oktyabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha mukofot egasi nomi ma’lum qilinadi.

Sovrindorlarni taqdirlash marosimi mukofotga asos solgan Alfred Nobel vafot etgan kun — 10 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

Har bir yo‘nalishda Nobel 9 mln shved kronasi (940 ming dollarga yaqin) miqdorida mukofot taqdim etiladi.