Sentabr oyida iste’mol bozorida tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 1,8%ga ko‘tarildi. Umumiy hisobda 9 oy davomida iste’mol sektorida inflyatsiya darajasi 8,1%ni tashkil etdi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi.

Oy davomida umumiy narxlar darajasining o‘sishiga tovarlar 1,9%, xizmatlar esa 1,2%ga ta’sir ko‘rsatdi. 2017 yil oxiriga nisbatan tovarlar narxi o‘rtacha 7,4%ga, xizmatlar 10,1%ga qimmatlashdi.

«Joriy yilning sentabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 3,3%, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3%, xizmatlar 1,2% ga qimmatlashdi. Yil boshidan narx o‘zgarishlari tahliliga ko‘ra 2018 yilning 9 oyi davomida guruhlar doirasida xizmatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan sezilarli darajada oshganligini ko‘rish mumkin», — deyiladi xabarda.

Kengaytirilgan har bir guruhning oy davomida umumiy iste’mol narxlari indeksiga ta’siri shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning sentabr oyidagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari o‘sishi umumiy inflyatsiyaga 1,4 foiz darajasida (f.d.) ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, bu vaqtda nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar ulushi faqatgina 0,4 f.d. miqdorini tashkil etgan.

9 oy mobaynida inflyatsiya darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar orasida ayrim tovarlar narxlarining tartibga solinishi, kreditlash xajmining ortishi natijasida iqtisodiy jabhalarda investitsion va iste’mol talablarining kengayishi, inflyatsion taxminlarning o‘zgarigshi, narxning mavsumiy o‘zgarishi, shuningdek, milliy valyuta qiymatidagi o‘zgarishlarni sanab o‘tish mumkin.

Yuqorida ta’kidlanganidek, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomida o‘rtacha 3,3%ga o‘sgani umumiy INI darajasining 1,4 f.d.ga ortishiga olib keldi. 2017 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning 6%ga oshganligi umumiy ko‘rsatkichning 2,6 f.d.da ko‘tarilishiga zamin yaratdi.

Vazirlar Makamasining 13 sentyabrdagi «Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida 1-navli unning ulgurji-savdo narxi (1400 so‘m) oshirilishi bilan bir qatorda aholi uchun nonning erkin bozor narxi bo‘yicha sotish tartibi belgilab o‘tildi. Umumiy hisobda, yanvar-sentyabroylarida 1-navli undan tayyorlangan non narxi o‘rtacha 64,0%ga, oliy navli undan 47,2%ga va 1-navli un (jumladan import unlar) narxlari 10,5%ga qimmatlashdi. Ushbu mahsulotlar narxlarning ko‘tarilishi joriy yilning 9 oyi davomidagi umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichining 1,0 f.d.da oshishiga olib keldi.

Guruch narxi o‘tgan yilning oxiriga nisbatan 44,8%ga qimmatlashdi va bu o‘z navbatida yanvar-sentyabr oyidagi umumiy INIning 0,8 f.d.da oshishiga sabab bo‘ldi.

Joriy yilning 9 oyi davomida narxlar o‘zgarish dinamikasi bir maromda kechmadi. Mol va qo‘y go‘shtining eng yuqori darajada qimmatlashgani iyul oyida qayd etildi. Parranda go‘shtining narxi esa aksincha, iyul oyiga qadar pasayib, avgust oyidan boshlab ko‘tarila boshladi.

O‘tgan yil oxiriga nisbatan tuxum narxining pasayishiga qaramasdan, avgust va sentabr oylarida ular narxi yana oshdi.

2018 yilning 9 oyi davomida meva va sabzavot narxlari yanvar oyidan aprel oyigacha qimmatlashgan bo‘lsa, may oyidan avgustgacha aksincha arzonlashdi.

Meva-sabzavot narxlaridagi o‘zgarishlarni hisobga olmasa, yanvar-sentyabr oylarida oziq-ovqat mahsulotlari indeksi 111% ni tashkil etgan.

Boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha narxlari darajasida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Joriy yilning sentyabr oyida nooziq-ovqat mahsulotlar narxlarining 0,3%ga qimmatlashishi umumiy INIning 0,1 f.d.da oshishiga olib keldi. O‘tgan 9 oy davomidagi nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari umumiy hisobda narxlar darajasining 9,1%ga o‘sishiga olib kelganligi joriy davrdagi umumiy INI ko‘rsatkichining ortishiga 3,2 f.d.da ta’sir ko‘rsatdi.

Sentyabr oyida ushbu guruhning iste’mol narxlari indeksiga qurilish materiallari va tamaki mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi, shuningdek, aholiga avtomobillar uchun yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i orqali sotiladigan propan narxlarining arzonlashishi sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi.

Joriy yilning 9 oyi davomida nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari indeksiga ta’sir darajasi bo‘yicha yetakchilik qurilish materiallari, maishiy yoqilg‘i (ko‘mir), kiyim-kechak hamda avtomobillar uchun yoqilg‘i tovarlariga tegishlidir.

Joriy yilning 9 oyi mobaynida avtomobillar uchun yoqilg‘i narxlarining o‘sishi umumiy inflyatsiyaning 0,4 f.d.da ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Yoqilg‘i-moylash materiallari bozorida yuzaga kelayotgan holatlar va birja savdolarida shakllanayotgan narx o‘zgarishlari ta’siri natijasida o‘tgan davr mobaynida propan 48,8%ga, metan 24,1%ga qimmatlashdi. Shu bilan birga, joriy yilning sentyabr oyida propan narxlari 15,4%ga arzonlashib, metan narxida esa aksincha 1,6%ga qimmatlashdi.

9 oy davomida qurilish materiallaridan g‘ishtning narxi o‘rtacha 48,4%ga, sement 24,7%ga, shpatlyovka 16,5%ga, gulqog‘oz 16,3% ga va shifer 14,3%ga qimmatlashdi.

Sentyabrda aholi uchun xizmatlar tariflari narxlari o‘rtacha 1,2%ga oshgani oy davomidagi umumiy INIga 0,3 f.d.da ta’sir etdi. Joriy yilning uch choragi mobaynida ushbu sohada tariflar 10,1%ga o‘sganligi o‘tgan davr uchun umumiy ko‘rsatkichning 2,2 f.d.da ortishiga sabab bo‘ldi.

Sentyabrda aholiga pullik xizmat ko‘rsatish sohasida narxlarning o‘sishida asosiy omil — oliy ta’lim muassasalarida o‘qish bo‘yicha to‘lov-kontraktlarining oshirilganligidir.

2018/2019 yildan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun to‘lov shartnomalari miqdori eng kam oylik ish haqi (EKOIH) miqdoridan kelib chiqib hisoblana boshladi. Respublika bo‘yicha kuzatilayotgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontraktlari miqdori o‘rtacha 20,3%ga oshgani (EKOIH joriy yilning 15 iyulidan 7%ga ko‘tarilgan) oy davomidagi inflyatsiyaning 0,2 f.d.da ortishiga olib keldi.

Kommunal sohasidagi narxlari tartibga solinuvchi tariflarning o‘sishi (o‘rtacha 13,8%), yo‘lovchi tashish transportida yo‘l haqining oshirilishi (9,1%), dam olish xizmatlari (18,2%), xorijiy til o‘rgatishni hisobga olgan holda ta’lim xizmatlari va haydovchilikka o‘qitish (15,7%) va maishiy turdagi xizmatlarning (8,1%) qimmatlashishi ta’sirida joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida umumiy xizmatlar iste’mol narxlari indeksi shakllandi.

2017 yilning oxiriga nisbatan temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari o‘rtacha 19,1%ga, avtomobil transportida 9,8% va havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari o‘rtacha 1,5%ga qimmatlashdi.

Aytish joizki, fevral oyida temir yo‘l orqali qatnov narxining sezilarli darajada qimmatlashishi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ o‘z hisob-kitoblarida avvalgi qayd etilgan shveysariya franki qiymatidan O‘zbekiston Markaziy bankining rasmiy qiymati bo‘yicha hisoblash tartibiga o‘tilganligi bilan bevosita bog‘liq. Ushbu o‘tishning oqibatlarini yumshatish maqsadida kompaniya tomonidan platskart qiymatlarini arzonlashtirish yuzasidan hisob-kitoblarda qator pasaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilgan.