Rossiyalik taniqli dizayner Artemiy Lebedov seshanba kuni Toshkent hokimiyati vakillari hamda shahar ma’muriyati huzuridagi jamoatchilik kengashi ekspertlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Hokimiyat matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuvda shaharni rejalashtirish, arxitektura va dizayn sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Kompaniyaning loyihalar bo‘yicha rahbari Alina Bajenova Artemiy Lebedov studiyasi Rossiya va MDH davlatlarida olib borgan yorqin ishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi. Studiya amalga oshirgan ishlar qatorida shaharlar logotiplari, shahar navigatsiyasi, metroda navigatsiyani loyihalash, shahar yo‘lovchi transporti, parklar va ommaviy tadbirlar, kichik arxitektura shakllari va boshqalar o‘rin olgan.

«O‘zbekistonning madaniy-tarixiy maskanlari turistik jozibadorligini oshirish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan sayyohlik logotiplari va shaharlarni bezashdagi Lebedov studiyasining ulkan tajribasiga asosiy qiziqish bildirilmoqda. Ehtimoliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlardan biri shahar yo‘lovchi transportini loyihalash hisoblanadi», — deya qayd etdi matbuot xizmati.

Lebedev studiyasi Toshkent logotipini yaratish bo‘yicha tanlovda ishtirok etish, shuningdek, jamoat kengashi va hokimiyat tomonidan tilga olingan ustuvor mavzular bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.

Qayd etish joizki, yaqinda Moskvada Toshkent shahar hokimiyatining delegatsiyasi, jumladan, jamoatchilik kengashi va IIBB YHXB vakillari Artem Lebedev bilan uchrashgan edi.

Artemiy Lebedev O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida poytaxt ishbilarmonlari bilan uchrashish va Xivaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.