O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Qarshida joylashgan «Shirin niyat baraka» MCHJga qarashli «Baxtli oila» to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan to‘y marosimida ishtirok etganlar orasida qayd etilgan «ovqatdan zaharlanishga gumon» holati yuzasidan bayonot berdi.

Vazirlik tomonidan viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasida maxsus shtab tashkil etildi, ayni paytda Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari ushbu shtabga jalb etilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar belgilab olindi, bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida barcha zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.

27 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘yda ishtirok etganlar ro‘yxati shakllantirilmoqda, patronaj hamshiralari yordamida uyma-uy ko‘rik o‘tkazish tashkil etildi.

Yuqoridagi tashxis bilan yotqizilgan bemorlar jami soni 74 nafarni, shundan 4 nafari 18 yoshgacha bo‘lganlar, 10 nafar erkak va 60 nafar xotin-qizlarni, shifoxonaga yotqizilganlar soni 72 nafar, uyiga javob berilganlar 2 nafarni tashkil etadi. Bemorlarning ahvoli o‘rtacha yengil holatda.

Shifokor va patronaj hamshiralar tomonidan Qarshida 180 nafar to‘yda ishtirok etganlar ahvoli o‘rganildi, 12 nafar kishi kuzatuv uchun shifoxonaga olib kelindi.

Tadbir bo‘lib o‘tgan «Baxtli oila» to‘yxonasida 30 sentyabr kuni o‘tkazilgan o‘rganishlarda quyidagilar aniqlandi:

  • to‘yxona oshxonasida mahsulotlarga ishlov berish sexlari (xonalari) tashkil etilmagan;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumladan tez buziladigan go‘sht va go‘sht, sut va sut, qandolat mahsulotlarini saqlash uchun sovutgichlar yetarli emas;
  • mavjud 1 ta sovutgich kamerada xom va tayyor mahsulotlar ularni saqlash qoidalariga (tovarnoye sosedstvo) rioya qilinmagan holda saqlanmoqda;
  • oshxona asbob-uskunalari (stollar, taxtakachlar, pichoqlar, chelaklar, kastryulkalar va boshqalar) markirovka qilinmagan;
  • idish-tovoqlarni yuvish uchun sharoit yaratilmagan, ketma-ketlik qoidasiga rioya qilinmagan;
  • to‘yxona xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, sanitariya minimum o‘quv kurslarida o‘qimagan.

Shuningdek, tekshirish vaqtida 21 nafar oshxona ishchi-xodimlaridan biologik namunalar, tashqi muhit ob’ektlaridan esa 158 ta namuna olinib, laboratoriyaga topshirildi.

To‘y marosimiga 3 xil salat tayyorlagan Qarshi shahar Bog‘obod mavzesi 1/26- uyda yashovchi fuqaro M.Shukurov xonadonida sanitariya nazorati o‘tkazilganda, salat tayyorlash uchun mutlaqo sharoit yaratilmagani aniqlandi. Jumladan, salat tayyorlash 1 ta xonada amalga oshirilgan, xom mahsulotlarni yuvish uchun 1 ta vannadan foydalanilgan, fuqaro M.Shukurov tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan va ushbu faoliyat uchun tegishli ruxsatnoma olmagan. Sanitariya-epidemiya talablarini buzgani uchun unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida jarima solindi.

Shu bilan birgalikda, to‘yda qatnashgan fuqarolarning uylariga borib, patronaj o‘tkazish uchun oilaviy poliklinikalardan 108 nafar va shahar DSENMdan 40 nafar mutaxassis jalb etildi. Natijada, to‘yda qatnashganlar orasida kasallik belgilari bo‘lgan fuqarolardan 42 nafari aniqlanib, shifoxonaga yotqizildi. Uyma-uy yurib, kasallarni faol aniqlash, bemorlarni davolash va ovqatdan zaharlanish holatlari profilaktikasi yuzasidan tadbirlar davom etmoqda.