O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 oktyabr kuni Nyu-Dehlida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan turli sohalarda ikki davlat hamkorligi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Avvalroq Hindiston prezidentining «Rashtrapati Bxavan» saroyida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Davlat rahbarini Hindiston prezidenti Ram Nath Kovind va bosh vazir Narendra Modi kutib oldi.

Nyu-Dehlida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida imzolangan hujjatlarni o‘zaro almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Tashrif doirasida ilmiy-texnik hamkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm, harbiy ta’lim, adliya, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani, farmatsevtika, kosmosni tinch maqsadlarda tadqiq etish va boshqa sohalarga doir 20 ta hujjat imzolandi.

Shuningdek, Andijon viloyati va Gujarat shtati, Samarqand shahri va Agra shaharlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Erkin farmatsevtika zonasini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

OAV vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Hindiston bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratishi, amaliy ruhda o‘tgan muzokaralar tomonlarning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlaganini ta’kidladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib olingani qayd etildi (2017 yilda bu raqam 323,6 mln dollari, 2018 yilning birinchi yarmida esa — 134,7 mln dollarni tashkil etdi).

Bir kun avval Shavkat Mirziyoyev Hindistonning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

28 sentyabr kuni Dehlida Hindiston-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, unda Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida Ishbilarmonlik kengashi tashkil etildi. Forumda O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Farhod Arziyevning ta’kidlashicha, kengash bojxona tariflarini o‘zaro pasaytirish va erkin iqtisodiy zonalarda miqyosli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ish olib boradi.

Kengashning turli sohalardagi investitsion loyihalarni muhokama qilish va amalga oshirish uchun platforma bo‘lishi hamda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida transport aloqasini rivojlantirish va tranzit yo‘laklarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.