Toshkentning Sebzor dahasidagi shu nomdagi ko‘chada shanba kunining ikkinchi yarmida xususiy uylarning bir qismi buzila boshladi.

Kechki payt Sebzorga yetib borgan «Gazeta.uz» muxbiri bu yerga ko‘plab texnika vositalari va shahar rahbariyatining deyarli hamma vakillari yetib kelganini ko‘rdi. Sebzorga kelgan bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahri va tumanlar ma’muriyati, IIBB, FVB va boshqa mas’ul tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Ekskovatorlarning harakati natijasida dahadan katta miqdorda chang ko‘tarilyapti. O‘t o‘chiruvchilar o‘z shlanglari yordamida suv sepib, changni kamaytirishyapti. Gazchilar trubalarni kesyapti, katta mashinalar aholining mulklarini tashiyapti, qachondir bu yerda yashagan yuzlab odamlar voqealarni tomosha qilmoqda.

Shu yerda bo‘lgan Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo‘jayev «Gazeta.uz» muxbiriga buzilayotgan 79 ta uy o‘rnida Hindiston, Xitoy va Tojikiston elchixonalari qurilishini bildirdi. Qozog‘iston elchixonasining ham bu yerga yaqin joylashganini inobatga olsak, bu yerda uncha katta bo‘lmagan diplomatik kvartal tuziladi deyish mumkin.

Hokimiyat matbuot kotibi Husniddin Ergashevning aytishicha, 79 ta uyda 370 kishi ro‘yxatga olingan. Biroq ularning barchasi bu yerda yashamagan. «Shanban kunining soat 22:00 gacha bo‘lgan holatida ularga yangi qurilgan uylardan 240 ta kvartira ajratildi», — deydi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi kafolat xati olgan. Umumiy hisobda 251 ta kvartira ajratiladi. Kvartiralar Yunusoboddagi «Megapolis» turar-joy majmuasi va Golden House uylaridan ajratilgan.

Aholi bu yer buzilishini bilgan (hokimiyatdagilar buzish bo‘yicha qaror martda imzolanganini aytishmoqda), ammo aniq sana noma’lum bo‘lgan. Voqealar rivoji ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. «Nima uchun bu ishni kunduzi qilib bo‘lmaydi, nega tunda qilinyapti? Nima uchun biz bu changlarni yutishimiz kerak?» — deydi shu yerda yashovchi ayol.

«Ha, biz odamlardan zudlik bilan ko‘chishlarini so‘rashga majbur bo‘ldik», — deya tan oldi Jahongir Ortiqxo‘jayev. Hokimning ta’kidlashicha, ertami kechmi, bu voqea baribir yuz berardi. «Ular ikki kun qiynaladilar. Keyin xotirjam yashayveradilar».

«Biz odamlar ehtiyojini maksimal darajada qondirishga harakat qilyapmiz, kvartiralarni qarzga olyapmiz. Ularning pulini qanday to‘laymiz, bilmayman. Mardlik namunasini ko‘rsatgan tadbirkorlarimizga rahmat. Biz vaziyatni tushunyapmiz va yordam bermoqchimiz», — dedi hokim.

«Gazeta.uz» muxbiri suhbatlashgan bir qator aholi vakillari ko‘chishdan norozi emasliklari, ayniqsa vaziyatni o‘rgangan holda ularga ancha qulay sharoit taklif qilinganini, ular o‘z uylarini sota olmagan bo‘lishlarini bildirdi.

Bir kishi hokim v.b. bilan suhbatda 1,5 sotok hovlida 16 kishi ro‘yxatga olinganini bildirdi. Uning o‘g‘li ota-onasi bilan ziddiyatli munosabatlar sabab 10 yil ilgari oilasi bilan qarindoshlarinikiga ko‘chib o‘tganini bildirdi. Hokimiyat ularga umumiy hisobda 4 ta kvartira taklif qildi. Yana bir oila uchta — bir xonali, ikki xonali va uch xonali kvartira olganini aytdi.

«Yoshlar eski uydan ketayotganidan va ancha qulay joyga o‘tayotganidan, alohida yashab, o‘z hayotini qurayotganidan xursand», degan Jahongir Ortiqxo‘jayev ba’zi bir ota-onalar o‘zlari tug‘ilgan joydan ketishdan unchalik xursand bo‘lmaginini ham tan oldi.

U hokimiyatdan imkon qadar ko‘proq narsa qo‘lga kiritish ilinjida bo‘lgan odamlarga noroziligini bildirdi. «Ba’zi uylarda shunchalik ko‘p odam ro‘yxatga qo‘yilganki, ularni tikka turg‘izgan holatda ham o‘sha uyga sig‘dirib bo‘lmaydi», — dedi poytaxt ma’muriyati rahbari.

«Ular kvartirasi borligini berkitmayapti. Ammo ular shu yerga propiska qilingan va uy talab qilyapti. E’tibor bering, ko‘plab mashinalar biz bergan uylarga emas, aholining o‘zi yashaydigan uylarga yo‘l olmoqda», — dedi u.

«Bu joy yangicha qiyofa kasb etadi, bu yerda yangi muhit bo‘ladi, — deya va’da berdi shahar hokimi. — Men elchixona shahar markazida bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Biz shahar yangilashimiz, infratuzilmani yaxshilashimiz, kanalizatsiya va elektr olib kelishimiz, odamlar turmush darajasini bosqichma-bosqich ko‘tarishimiz zarur».

Massivning hali uylari buzilmagan ko‘chalaridan biri.