Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Fransiyaning Tuluza siyosiy tadqiqotlar instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi delegatsiyasi Fransiyaga tashrif buyurib, mamlakatning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida aniq tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Olib borilgan muzokaralar natijasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Fransiyaning Tuluza siyosiy tadqiqotlar instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Shartnomaga ko‘ra, kelgusida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining fransuz va ingliz tilini chuqur egallagan talabalari maxsus tanlov asosida Tuluza siyosiy tadqiqotlar instituti bilan qo‘shma dastur asosida tashkil etiladigan sotsiologiya mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaga o‘qishga qabul qilinadi.

Bundan tashqari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining yosh o‘qituvchilari Tuluza siyosiy tadqiqotlar institutida siyosatshunoslik, huquq, sotsiologiya, tarix, etnografiya kabi sohalarda bir yillik dastur asosida o‘z malakalarini oshirib qaytadilar va shu fanlarni ham o‘zbek, ham fransuz tillarida o‘qitish malakasiga ega bo‘ladilar.

O‘z navbatida Tuluza siyosiy tadqiqotlar instituti talabalariga Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati, jamiyat qurilishi kabi sohalarni o‘rganishlari uchun yurtimizda zarur shart-sharoit yaratib beriladi.

Ma’lumot uchun, Tuluza siyosiy tadqiqotlar instituti Fransiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanib, unda 1600 nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Institut har yili 200 nafardan xorijiy talabani o‘qishga qabul qiladi.