«O‘zavtosanoat» kompaniyasi Asakadagi GM Uzbekistan zavodida 10 nafar rahbar lavozimidan ozod qilingani haqida xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqovning Andijon viloyati Asaka shahriga ishchi tashrifi chog‘ida ishlab chiqaruvdagi qator xodimlar faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklar aniqlandi.

Xabarda qayd etilganidek, «ular uzoq yillardan buyon o‘z lavozimlarida ishlamoqda va ularning faoliyati ishlab chiqarishda turg‘unlik va yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi».

«Bu ishchilar ishdan bo‘shatildi va ularning o‘rniga milliy avtosanoatni rivojlantirishning yangi konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan yosh hamda avvalgilar sodir etgan xatolar ustida tegishli ishlarni olib bora oladigan yosh va maqsadli mutaxassislar tayinlandi», — deyiladi bayonotda.

Yangi tayinlovlar

  • Alisher Mirabbasovich Azimov — Bosh direktorning umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari v. b.;
  • Akramjon Hoshimjonovich To‘xtaboyev — Ishlab chiqarish bo‘yicha direktor v. b.;
  • Kozimjon Komiljonovich Akbarov — Kommunal xizmatlar va kapital qurilish direksiyasi direktori v. b.;
  • Dilshodbek Avazovich Abduraxmanov — Muhandislik mahsulotlari va ta’minotchilar sifati direksiyasi direktori v. b.;
  • Elyor Baxtiyorovich To‘raqulov — global xaridorlar boshqarmasi direktori;
  • Alisher Muradilovich Mamadaliyev — muhandislik mahsulotlari va ta’minotchilar sifati direksiyasi direktor o‘rinbosari v. b.;
  • Anvarjon Mamajonovich Mamadjanov — transport tashuvlari bo‘limi boshlig‘i v. b.;
  • Akmal Boykobilovich Murodov — ishlar boshqaruvchisi v. b.;
  • Shavkat Shuhratovich Shonazarov — press sexi boshlig‘i v. b.;
  • Abdurahim Pataxovich Musayev — bosh direktor maslahatchisi — markaziy yuklash maydonchasi boshlig‘i v. b.

«O‘zavtosanoat» kompaniyani rivojlantirish va takomillashtirish hamda milliy avtosanoatga o‘z ulushini qo‘shish istagidagi iqtidorli yoshlar bilan muloqot qilish uchun ochiq ekanligini ma’lum qildi.

Avvalroq, GM Uzbekistan «Shaxrixon-Avto Ravon» bilan dilerlik shartnomasini bekor qildi. Bunga dilerlik markazining shartnoma shartlarini tizimli ravishda buzib kelgani, GM Uzbekistan avtomobillarini sotish jarayonida shaffoflikning mavjud emasligi, ish faoliyatida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani, avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar sun’iy band qilingani, talabgir avtomobillarning «yopiq garajlar"da saqlanishi, barcha uchun ochiq rasmiy narxlar ro‘yxatining yo‘qligi, mijozlarga shartnoma tuzish uchun avtomobillar mavjudligi to‘g‘risida ishonchsiz axborot berilishi, ishlamaydigan chaqiriq hamda xodimlarning xizmat ko‘rsatish sifati va tashqi ko‘rinishining standartlarga muvofiq kelmasligi sabab bo‘ldi.

Kompaniya mijozlardan dilerlik markazlarida noqonuniy xatti-harakatlar va ta’magirlik holatlari bo‘lgan taqdirda, GM Uzbekistan chaqiriq markazi: 71 141 77 77 yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining qisqa raqami: 1007 ga qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi.