Turkiyaning DAL Teknik Makina kompaniyasi Jizzax sement zavodida tozalash filtrlari ishdan chiqqani uchun javobgarlikni rad etdi, deya xabar qildi kompaniya vakili «Gazeta.uz"ga.

Zavod direktori Ismatulla Abdullayev juma kuni zararli moddalarning chiqarilishi tozalash qurilmalarining barvaqt ishdan chiqqani sababli yuzaga kelganini ma’lum qilgan edi. Avvalroq esa Jizzax viloyatida aholi aprel oyidan buyon zavoddan ohak kukuni va chang havoga chiqarilishidan shikoyat qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilma uchun shoxobcha filtrlari 2017 yilning mart oyida Turkiya kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan va ikki yil ishlashi lozim edi, biroq bu muddatning yarmidan ko‘prog‘i davomida xizmat qildi xolos.

DAL Teknik Makina kompaniyasi 2017 yil 25 yanvarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va Turkiya kompaniyasi o‘rtasida imzolangan № 26−24638−236yur shartnomaning 2.3- bandidan iqtibos keltirib, filtrlarning kafolatli muddati ular yetkazib berilgan vaqtdan saqlash va ekspluatatsiya qoidalariga rioya etilgan sharoitda 12 oyni tashkil etishini ma’lum qildi.

«Sizga shuni ma’lum qilamizki, Yevropa standartidagi sarf materiallari 12 oylik kafolat muddati davomida to‘liq o‘z vazifasini bajardi. Shuningdek, bizning kompaniyamiz sodir bo‘lgan voqealar uchun javobgar emasligini alohida ta’kidlashni istaymiz», — dedi u.

Kompaniyadan aniqlik kiritilishicha, OKMK shikastlanganlarining o‘rniga o‘rnatilgan 2000 ta filtr uchun to‘lovlarni amalga oshirgan, yana 1850 donasi esa DAL Teknik Makina hisobidan yetkazib berilgan.