Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani va Navoiy viloyatining Konimex tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyatning salohiyatini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan qator yangi g‘oyalar ilgari surildi. Hudud mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar, vazifalar bergan edi. Jumladan, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi «Zafarobod» qo‘rg‘onini Navoiy viloyatining Konimex tumani hududiga qo‘shib berish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Hududdagi «Zafarobod» qo‘rg‘onida bugungi kunda 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Qo‘rg‘onda 31 ko‘pqavatli uy, 1 maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 umumta’lim maktabi, 1 tibbiyot muassasasi va boshqa qator tashkilotlar ishlab turibdi. Shunga qaramasdan bugungi kunda «Zafarobod"da o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar mavjud.

Jumladan, «Zafarobod» qo‘rg‘onidan G‘ijduvon tumani markazigacha bo‘lgan masofa 80 kilometrni tashkil qiladi. Bu esa, aholining tez tibbiy yordam va ma’muriy idoralar xizmatidan foydalanish, ijtimoiy-maishiy ehtiyojlarini qondirishida noqulaylik tug‘dirmoqda. Zafarobodlik kishi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun G‘ijduvon tumani markazigacha kamida 80 kilometr masofani bosib o‘tishi kerak. Bunga qariyb 2 soat vaqt ketadi. Bundan tashqari, qo‘rg‘onda 48 km ichimlik suvi, 26 km tabiiy gaz, 64 km elektr tarmoqlari, 5 km markazlashgan issiqlik tarmoqlari mavjud bo‘lib, ularni modernizatsiya qilish va ta’mirlash ishlari ham Navoiy kon-metallurgiya kombinati mablag‘lari hisobidan amalga oshirib kelinmoqda. Shuni inobatga olib hamda korxonaning Navoiy viloyatida joylashganligidan kelib chiqib «Zafarobod» qo‘rg‘onini viloyatning Konimex tumani tarkibiga o‘tkazish haqida Senat qarori qabul qilindi.