Juma kuni ertalab Mirobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi «Qo‘ylik ota» bekati yaqinida 45-yo‘nalishda harakatlanuvchi Mersedes Benz Conecto LF avtobusi yonib ketdi, deya xabar qildi Toshkent IIBB matbuot xizmati.

Avtobus 4- avtobus saroyiga tegishli bo‘lib, «Qo‘yliq-2» mavzusi-Boshliq mavzesi yo‘nalishida harakat qilayotgan bo‘lgan.

IIBB YOXB Kuch va vositalarni boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga yong‘in to‘g‘risidagi xabar 7:58 da kelib tushdi. Yong‘inga avtotransport vositasi yonilg‘i tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Yong‘in o‘t o‘chirish xizmati xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Yong‘in natijasida avtobusning motor bo‘lmasi yongan. Qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q.