Toshkent hokimiyatida diplomatik missiyalar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari bilan xorijdan investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb etishga bag‘ishlangan biznes-nonushta formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Kirish nutqida Toshkent hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev shaharda investitsion o‘sish kuzatilayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda xususiy investorlar kiritgan mablag‘lar 300 foizga oshgan, bugungi kunda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni 4000 tadan ziyodroqni tashkil etadi. So‘nggi yarim yil ichida 600 dan ortiq korxona ro‘yxatdan o‘tdi.

«Biznes o‘zaro manfaatli bo‘lishi lozimligini yaxshi bilamiz, har bir investor bizning bozorda mamnuniyat bilan ishlashi, o‘zi uchun pul topishi, bir vaqtning o‘zida bizning iqtisodiyotimizni ham rivojlantirishi lozim, — dedi hokim v. b. — Men, hokim oldida turgan asosiy vazifa nafaqat o‘zimizning toshkentliklarimiz, balki xorijliklar va poytaxt mehmonlari uchun ham qulay bo‘lgan yashash, ishlash va hordiq chiqarish sharoitlarini yaratishdan iborat».

U har hafta hokimiyatda investorlar uchun ochiq eshiklar kunlari o‘tkazilayotgani, unda barcha mahalliy va xorijiy investorlar ishtirok etib, loyihalarini taqdim etishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.

«Ayni vaqtda poytaxt ma’muriyati shahar va barcha tumanlari kesimida Toshkentni rivojlantirish investitsion konsepsiyasini ishlab chiqmoqda, unda poytaxtimizni rivojlantirishning barcha ustuvor yo‘nalishlari aks ettiriladi», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

«Bugun poytaxtda yo‘llar kengaymoqda, jamoat transporti rivojlanmoqda, metro qurilishi qayta yo‘lga qo‘yildi. Bunda biz poytaxtning tarixiy qiyofasini saqlab qolishga harakat qilayapmiz. Jumladan, poytaxtning eski shahar qismidagi qurilishlarni bekor qildik. Biz yangi megapolis quramiz, biroq uni oyna va betonlardan iborat qiyofasiz shaharga aylanishini istamaymiz», — dedi hokim v. b.