Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi ijrosiga oid axborotida xorijdan olib kelinishi zarur bo‘lgan davolash va diagnostikaning yuqori texnologik zamonaviy usullarini joriy etish uchun tibbiy uskunalar vaqtida keltirilmaganini qayd etib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Germaniyaning KfW-banki va Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida markazlar amaliyotiga davolash va diagnostikaning yuqori texnologik zamonaviy usullarini joriy etish belgilangan. Biroq xalqaro tashkilotlar bilan ushbu masalalar muhokamasi o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli Dasturda belgilangan bir qator vazifalar o‘z vaqtida bajarilmay qolgan.

Xususan, 2017 yilda Germaniyaning KfW-bankining 3,3 ming AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy ko‘magida MRT, Angiograf, «CARTO"-RCHA uskunalarini olish va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini jihozlash ishlari amalga oshirilmagan.

2017−2018 yillarda Saudiya taraqqiyot jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi asosida 3,354,3 ming AQSH dollariga teng miqdorda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini yuqori texnologik tibbiy jihozlar bilan jihozlash ishlari bajarilmagan.

Dasturda 2017−2018 yillar davomida Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaliyotiga davolash va diagnostikaning zamonaviy yuqori texnologik usullarini joriy etish belgilangan.

Biroq, Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan olinishi rejalashtirilgan 2 mln. 713 ming AQSH dollari miqdoridagi asbob-uskunalarning sotib olinmaganligi sababli yuqorida qayd etilgan yuqori texnologik usullar markaz amaliyotiga joriy etilmagan.

Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaliyotiga bir qator yuqori texnologik zamonaviy usullar joriy etish ko‘zda tutilgan. Ammo 2018 yilda amalga oshirilishi belgilangan beta-laktamaza faolligini aniqlash usuli Germaniyaning KfW-banki tomonidan moliyalashtirilmaganligi sababli joriy etilmagan.

2017 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaliyotiga markaziy asab tizimi va orqa miya hosilalarida kontrastli magnit-rezonans tomografiya usulini joriy etish belgilangan. Lekin Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida olinishi rejalashtirilgan asbob-uskunalar olinmaganligi sababli ushbu yuqori texnologik usul ham joriy etilmagan.

Bu texnologiyalar vaqtida keltirilganida qanchadan-qancha bemorlarning dardiga to‘g‘ri tashxis qo‘yilgan, davolash osonlashgan, muhimi shifo topish tezlashgan bo‘lardi.