Joriy yilninng 27−28 sentyabr kunlari Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tomonidan ishlab chiqilib, majlis kun tartibiga muhokama uchun kiritilgan «Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni ham ko‘rib chiqib, ma’qullashdi.

Ta’kidlash joizki, ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni va «Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan.

Qonunni ishlab chiqish zarurati…

Aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifati va tezkorligining past darajadaligi, notarial idoralardagi navbatlar, davlat bojlari va boshqa yig‘imlar undirishning shaffof emasligi, shuningdek mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlar aholini notariat tizimiga bo‘lgan ishonchini pasaytirmoqda hamda korrupsion xatti-harakatlar sodir etilishiga imkon qoldirmoqda.

Shuningdek, advokatura hanuzgacha odamlar ishonchini qozongan huquqni himoya qiluvchi institutga aylana olmaganligi, advokatlarning huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan va ular tomonidan sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishiga xalal berayotgan qator omillarning mavjudligi bilan xarakterlanadi.

Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlar haqida…

Qonun bilan 11 ta qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan:

2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibini o‘rnatish orqali ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabini bekor qilinyapti.

Notarial harakatlardagi imzolar soxta ekanligi haqida sudlarga ko‘plab da’volar kiritilayotganligini inobatga olib, notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarning shaxsini aniqlash va notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlashda ularning barmoq izlarini skaner qilish joriy etildi.

Vasiyatnomalarni va ayrim turdagi bitim, ariza va boshqa hujjatlarni imzolash jarayoni majburiy audio va video qayd etish lozimligi belgilandi.

Notarius lavozimiga nomzodlarning stajirovka o‘tash muddatini ikki yildan bir yilga qisqartirish, shuningdek notarius lavozimiga nomzodlar uchun sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoxud notarial faoliyatga rahbarlik va nazorat qiluvchi lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslarga majburiy stajirovka o‘tash bo‘yicha talab bekor qilindi.

Yuridik shaxs notariusga ixtiyoriy murojaat etganda uning kollegial organining qarori qabul qilinganligi fakti notarial tasdiqlanadigan bo‘ldi.

Notariuslarni attestatsiyadan o‘tkazish va almashtirish (rotatsiya qilish) tartibi belgilandi.

Notarial harakatlarni amalga oshirishda elektron to‘lovlar yo‘lga qo‘yildi.

Notarial idoralariga elektron murojaat qilish tartibini belgilandi.

Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovka o‘tash muddati olti oydan uch oygacha qisqartirildi.

Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari va sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil faoliyat yuritgan shaxslar majburiy stajirovka o‘tashdan ozod qilinmoqda.

Advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihonini takroran topshirish muddati bir yildan olti oygacha qisqartirilmoqda.

Advokatlarning hakamlik sudyasi sifatida ishtirok etishi, shuningdek nizolarni sudgacha hal qilish va taraflarni yarashtirishga qaratilgan huquqlari kengaytirildi.

Advokatlar palatasi raisiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini muhokama qilish bo‘yicha majlislarida ishtirok etish va ularga doir fikr bildirish huquqi berildi.

Advokatlik byurosini ta’sis etgan advokatlarning o‘z faoliyatini mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda o‘ziga tegishli bo‘lgan turar-joylarda ushbu turar-joylarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan amalga oshirish huquqi berildi.

Advokat so‘rovini ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari belgilandi.

Advokatga nisbatan intizomiy choralar qo‘llash muddatlari aniq belgilandi.

Litsenziyaning amal qilishini Oliy malaka komissiyasi xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining murojaati bo‘yicha faqat sud tartibida tugatiladi.

Advokatlarga nisbatan intizomiy ishni faqat tegishli malaka komissiyasi yoki Oliy malaka komissiyasi qarori bilan qo‘zg‘atiladi.

Advokat so‘rovini bajarilish tartibini buzgan mansabdor shaxslar advokatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaati asosida ma’muriy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi.

Kutilayotgan natija…

Bir so‘z bilan aytganda, «Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunning qabul qilinishi notariatning faol modeliga o‘tish uning nizolarni oldini oluvchi institut sifatida yanada rivojlanishiga, advokatlar huquqlarining to‘liq ro‘yobga chiqarilishiga to‘siq bo‘layotgan byurokratik omillarni bartaraf etishga, advokatlar huquqlarini kengaytirishga, Advokatlar palatasining advokatura institutini himoya qilish sohasidagi rolini oshirishga xizmat qiladi.

Assosiysi, sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hisobiga yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish sifati va tezkorligi yanada oshadi.


Adliya vazirligi