O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutaxassislari majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun jarimalarni sezilarli darajada oshirishni ko‘zda tutuvchi hujjatni tayyorlamoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Ayni paytda mazkur qoidabuzarlik uchun jarima, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga ko‘ra, eng kam ish haqining 1 dan 3 barobarigachani tashkil etadi. Mehnat vazirligi ushbu miqdorni birinchi qonunbuzarlik holatida eng kam oylik ish haqining 25−50 barobari va takroriy holatda eng kam oylik ish haqining 50−100 barobari miqdorida oshirishni taklif etmoqda.

10 sentyabrdan 27 sentyabr oralig‘ida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishonch tarmoqlariga paxta terimiga majburiy jalb qilish holati yuzasidan jami 410 ta murojaat kelib tushdi. Ulardan 228 tasi Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqildi, 26 tasida qonunbuzarlik holati tasdiqlandi. 202 ta murojaatda paxta terimiga majburiy jalb qilish holati tasdiqlanmadi.

«Afsuski, joylarda holatni o‘rganish paytida murojaatchilar turli sabablar ta’sirida o‘z shikoyatlarini qaytarib olayotgani kuzatilmoqda. Paxta terimiga majburiy jalb qilish bo‘yicha tasdiqlanmagan holatlar yuzasidan qayta tekshiruv ishlari o‘tkazilmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) vakillariga murojaatlar ma’lumot bazasiga kirish huquqi taqdim etildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Yoshlar ittifoqi faoli N.Mirzaqobulovning tumanda joylashgan 53 ta maktabdagi yoshlar tashkiloti faollarini paxta terimiga majburlash holati Andijon viloyati prokuraturasi va Davlat mehnat inspeksiyasining birgalikda olib borgan tekshiruv-tergov ishlari bilan yakunlandi. Majburlash holati bo‘yicha N.Mirzaqobulov ma’muriy javobgarlikka va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga muvofiq jarimaga tortildi.

10 sentyabrdan buyon 26 ta holat bo‘yicha mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Qonunbuzarlik sodir etgani uchun Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi bo‘yicha quyidagi shaxslarga nisbatan eng kam oylik ish haqining 1 barobaridan 3 barobari miqdorida jarima pulini undirish to‘g‘risida qaror chiqarildi:

  • Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hokimi Novikov I.A.,
  • Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Salimova Sh.,
  • Qashqadaryo viloyati Nishon tumani qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Normo‘minov U.,
  • Jizzax viloyati Paxtakor tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ergashev A.,
  • Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Axmedov K.,
  • «Bek baraka savdo majmuasi» MCHJ direktori Tursunov Yu.

OAV ma’lumotlariga tayangan vazirlik ayrim hududlarda paxta terimi uchun pul mablag‘larini yig‘ish holatlari kuzatilayotganini ta’kidlab, paxta terimi uchun hech qanday pul yig‘imlari va qo‘shimcha soliqlar nazarda tutilmaganligini eslatib o‘tdi.

Shuningdek, paxta terimida qatnashish istagida bo‘lgan barcha fuqarolar +998712000602, @terimuzbot telegram boti, shuningdek, terim.uz saytida ma’lumot qoldirishlari mumkinligini sanab o‘tdi. Joriy yilda paxta terimidan ishlab topilgan mablag‘lar soliqqa tortilmaydi.