Senatorlar O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga parlament so‘rovini yubordi. Bu haqdagi qaror 28 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 16-yalpi yig‘ilishida qabul qilindi, deya xabar berdi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborotiga binoan birinchi yarim yillikda 2 milliondan ortiq kishi fermer xo‘jaliklarida ish bilan band bo‘lgan. Ularning 500 mingdan ziyodi rasman ishga joylashtirilgan, qariyb 1,5 mln kishi esa norasmiy band bo‘lganlar.

So‘rov yuborish tashabbusi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamda Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan ilgari surildi.

Parlament so‘rovi qishloq xo‘jaligida mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish hamda mazkur sohadagi norasmiy bandlik masalalari yuzasidan yuborildi.