Toshkentning Olmazor tumanida payshanba kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri natijasida bir guruh shaxslar bilan og‘ir jinoyatni sodir etgani uchun qidirilayotgan 27 yoshli Shoxruh Jo‘rayev qo‘lga olindi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati. Jo‘rayev qarindoshining uyida krovat ostiga bekinib yotganida aniqlandi va qo‘lga olish chog‘ida qarshilik ko‘rsatdi.

Avvalroq 11 avgust kuni Uchtepa tumanidagi «Vatan» kinoteatri yaqinida Spark avtomobilidagi uch erkakka hujum qilgan uch nafar gumondor qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar qilingan edi.

O‘shanda Shoxruh J. 24 yoshli Ziyovuddin G‘., 31 yoshli Muzaffar M. va Bekzod N hamda 33 yoshli Abdug‘ani I. bilan Muzaffar boshqaruvidagi «VAZ-2105» va rulda Abdug‘ani bo‘lgan Nexia 34 yoshli Jasur M. boshqarib kelayotgan Spark`ni to‘xtashga majbur qiladi. Qo‘lga olinganlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Ziyovuddin «Spark» shinalariga shikast yetkazadi, Muzaffar esa mashina oynalarini sindiradi.

Shundan so‘ng jabrlanuvchini kuch bilan o‘z mashinalariga o‘tirg‘izib, uni Sergeli tumaniga olib boradi va tan jarohatlarini yetkazadi. Shundan so‘ng Ziyovuddin va Bekzod qurbonni shifoxonaga olib borib, ortiqcha gap aytib qo‘ymasligi uchun har bir gapini kuzatib turadi.

Jabrlanuvchi qo‘rqqani sababli jim turadi va hodisa to‘g‘risida ichki ishlar organlariga murojaat qilmaydi. Jinoyat haqida esa internetga joylashtirilgan videoyozuvdan so‘ng oshkor bo‘ladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 23 yoshli jabrlanuvchi Botirjon A. tanishi Shoxruhdan qarz olgan va yaa 500 ming so‘m berishi lozim bo‘lgan.

Ayni paytda 1989 yilda tug‘ilgan Yuldashev Bahodir Baxtiyorovich (fotodagi) qidiruvda. IIBB gumonlanuvchining qayerda ekanini bilgan fuqarolardan 102, 71−281−94−81, 98−362−51−14 telefonlari orqali ma’lumot berishni so‘ramoqda. Qo‘ng‘iroq qilganlarning shaxsi oshkor qilinmasligi to‘liq kafolatlanadi.