Shu paytgacha bir necha bor sudlangan, koʻplab taksichilarni aldab, ularning mashinasidagi pullarni oʻgʻirlagan qizgan isbatan hukm oʻqildi. Bu haqda jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining sudyasi Zafarbek Nurmatov “Gazeta.uz"ga maʻlum qildi.

Toʻlqin (ism-familiyalar oʻzgartirildi) Samarqand shahrining Ulugʻbek avtobekatida avtomashinasini bir chetda toʻxtatib, mijoz kutayotgandi. Bu orada bir necha nafar kishi unga Toshkent shahriga olib borishni tayinlab, u-bu narsalarni berib ketdi. Bir kishi esa, yelim xaltada pul olib keldi-da, shuni Toshkentga olib borib bersangiz. Sizni aytgan odamim kutib oladi, dedi u.

Soʻng u haydovchining qoʻl telefonidan Toshkentga qoʻngʻiroq qildi va avtomashinaning davlat raqamini aytdi. Shundan soʻng u omonatini qoldirib ketdi.

Oradan koʻp oʻtmay buyum va pul joʻnatmasini qabul qilgan taksi haydovchisi oldiga koʻ­rinishidan 23−25 yoshlar chamasidagi qoʻltiqtayoqli qiz keldi-da, Toshkent shahriga ketmoqchi ekanligini aytdi. Oʻz navbatida, Toʻlqin undan Toshkentning qaysi manziliga borishini soʻradi.

Bunga javoban haligi qiz dastlab Yashnobod tumanida yashovchi singlisidan uyining kalitini olib, soʻng Chilonzor tumaniga borishini aytdi.

Olis yoʻlga chiqqach, tabiiyki, zerikmaslik uchun oʻzaro suh­bat boshlanadi. Ha­ligi qoʻltiqtayoqli qiz gapga ancha chechan ekan. Hamrohlariga u oʻzini “Madina” deb tanishtirdi.

Uch yil muqaddam avtohalokatga uchragan ekan. Samarqandga davolanish uchun kelgan, endi davolanib, Tosh­kent­ga qaytayotgan ekan. Avtomashina salonidagi yoʻlovchilar uning ikki nafar yosh bolasi borligini eshitib, achinib qarashdi. Koʻzlarini yoʻldan uzmay avtomashinani boshqarib borayotgan Toʻlqin ham Madinaga xudo xohlasa, hali hech nima koʻrmagandek boʻp ketasiz, deya dalda berdi.

Xullas, ular Toshkentga yetib kelishgach, yoʻlovchilarning ikki nafari Chilonzorda, yana bir ayol esa, Aviasozlar bozori ol­dida tushib qol­di. Madinaning iltimosiga koʻra, T. Xoliqulov avtomashinani Yashnobod tumani tomon haydab ketdi.

Asalobod 2-dahasi “Majnuntol” qahvaxonasi yaqinidagi toʻqqiz qavatli 2-uyning ol­diga yetib kelishgach, Madina avtomashinani toʻxtatishni soʻradi.

— Endi nima qilsam ekan, — dedi Madina toʻqqiz qavatli uyga qaragan koʻyi. — Lift ham ishlamaydi. Qoʻltiqtayoqda toʻqqizinchi qavatga qachon chiqib, qachon tushaman. Siz ham kutib qolasiz…

Oraga bir muddat sukunat choʻkdi. Toʻsatdan imkoni topilganidek birdan Madinaning yuzi yorishdi: — Iltimos, — de­di­ u yolvorgandek ovozda, — Siz chiqib, singlimdan uyning kalitini olib tushib bering.

Toʻlqin uning iltimosiga yoʻq deya olmadi va avtomashinadan tushib, toʻqqiz qavatli uyning zinalaridan koʻ­tarila boshladi. “Bu ayol toʻgʻri aytadi, — deya koʻnglidan kechirdi u. — Bu ahvolda eng tepa qavatga chiqib, tushadigan boʻlsa, uzoq vaqt kutib qolishimga toʻgʻri keladi. Qo­laversa, savob ham boʻladi”.

U hansiragan koʻyi toʻqqizinchi qavatga koʻtarildi va boya Madina aytgan uy eshigining qoʻngʻirogʻini bosdi. Eshikni oʻn toʻrt — oʻn besh yoshlar chamasidagi bola och­­di. U Toʻlqinning muddaosini eshitgach, Madina degan ayolni umuman tanimasligini aytdi. Buning ustida toʻqqizinchi qa­vatda ularning oilasidan boshqa hech kim yashamas ekan.

Toʻlqin bu gaplarni eshitib, hayron qoldi. Keyin koʻngli qandaydir hadikni sezdi, shekilli, zudlik bilan past­ga otildi. Toʻl­qin past­ga tushib ne koʻz bilan koʻrsinki, avtomashinada Madina yoʻq edi. U oʻrindiq ostidagi 2 million 500 ming soʻm­ni ham oʻmarib ketgandi…

Endi ikkinchi oʻgʻirlik voqeasiga eʻtibor qaratamiz.

Sud majlisida jabrlanuvchi tariqasida soʻroq qilingan Z. Ortiqovning koʻr­satma berishicha, u oʻzining boshqaruvidagi “Super Salon” rusumli avto­ma­shinasida Qarshi shahridagi avtoturargohda yoʻlovchi kutib turgandi. Bir necha ki­shi unga poytaxtdagi tanishlariga olib borish uchun buyum hamda 1 million soʻmni berib ketishdi. Bir payt uning yoniga qoʻltiqtayoqli qiz kelib, Toshkent shahriga ketmoqchi ekanligini aytdi. U dastlab Yashnobod tumanida yashovchi sing­lisidan uyning kalitini olib, soʻng Chilonzor tumaniga eltib qoʻyishni soʻradi. Haydovchi qizning taklifiga ro­zi boʻladi.

Yarim soatga qolmay avtomashinaga yana uch nafar yoʻlovchi kelib oʻtirdi. Ular yoʻlga tushishdi. Bir zumda yoʻlovchilar oʻzaro tanishib olishdi. Qoʻltiqtayoqli qiz oʻzini Madina deb tanishtirdi va Toshkent shahrida savdo-sotiq bilan shugʻullanishi, bir nechta doʻkonlarni tovar bilan taʻminlashini aytdi. Za­rif Or­tiqov Toshkent shahriga yetib kelgach, boshqa yoʻlovchilarni aytgan manzillariga qoldirdi. Madinani esa oʻsha “Majnuntol” qahvaxonasi oldidagi toʻqqiz qa­vatli uy qarshisiga olib keldi.

Zarif ham birinchi voqeadagi Toʻlqin singari Madinaga rahmi kelib, toʻqqizinchi qavatga oʻzi koʻtarildi. Bu paytda qiz mashina oʻrindigʻi ostidagi 1 million soʻm pulni oʻgʻirlab, voqea joyidan gʻoyib boʻlgandi.

Tabiiyki, bu oʻgʻirlikdan soʻng ikki jabr­lanuvchi — T. Xoliqulov bilan Z. Ortiqov ichki ishlar idoralariga murojaat qilishdi va makkora qiz­ga nisbatan qi­diruv eʻlon qilindi.

Bu paytda oʻzgalarning omonatini oʻmarishdan mazzaxoʻrak boʻlgan Madina yana Qarshi shahriga ketib borayotgandi. Haydovchi Z. Ortiqovni ipsiz bogʻlab ketganining uchinchi ku­ni u Qarshi shahrida­gi av­to­turargohda haydovchi S. Boboqulov odamlardan “pochta” qabul qilayotganini biroz nariroqda kuzatib turadi.

“Qahramonimiz” haydovchi S. Boboqulov mijozdan qappayib turgan pul solingan yelim xaltani olib, oʻzining “Cobalt” rusumli avtomashinasi oʻrindigʻi ostiga qoʻyganini koʻrgach, asta-sekin yaqin keladi. U pulni qoʻlga kiritish uchun oʻzining avvalgi jinoiy rejasi boʻyicha ish tutdi.

Yoʻlda Madina Toshkent shahridagi “Abu Saxiy” buyum bozorida savdo-sotiq qilish bi­lan shugʻullanishini aytib, yoʻlovchilarni ham, avtomashina egasi S. Boboqulovni ham ishontiradi. Bu makkora ayol dunyoning juda koʻp mamlakatlarida boʻlgani, tanishlar orttirgani haqida ogʻiz koʻpirtirib maqtanadi.

Uning yolgʻon gaplariga barcha birdek ishonadi va unga ha­vas bilan qarashadi. Hatto haydovchi undan qoʻl telefoni raqamini berishni iltimos qiladi.

Qisqasi, ular Toshkentga yetib kelishgach, voqealar rivoji xuddi oldingidek kechadi. Yaʻni S. Boboqulov ham oʻsha lifti ishlamaydigan uyning toʻqqizinchi qa­vatiga koʻ­tariladi va Madina aytgan eshikning qoʻn­gʻirogʻini bosadi. Eshikni rus millatiga mansub ayol ochadi va Ma­dinani umuman tanimasligi, uni soʻrab kelgan bi­rinchi odam emasligini aytadi.

Saʻdin Boboqulov toʻqqizinchi qavatga koʻtarilayotgan pallada avtomashinasida qolgan Madina qanday ishni doʻndirganini aytmasak ham oʻzingiz anglagan chiqarsiz. Ha, shunday: bu ayyor ayol avtomashinaning old oʻrindigʻi ostiga qoʻyilgan 2 million 700 ming soʻmni oʻgʻirlab, allaqachon voqea joyi­dan gʻoyib boʻlgandi.

— Men toʻqqizinchi qavatdan pastga tushgach, darhol qizga qoʻn­gʻiroq qildim, — deydi suddagi koʻrsatmasida jabr­lanuvchi S. Boboqulov. — U telefonini koʻtardi. Pullarni qaytarishni, birovning omonati ekanini aytdim. Ammo u javob bermay, jim turaverdi…

Oʻzini “Madina” deb ta­­nish­tirgan bu qiz aslida kim?!

Aslida u Oygoʻzal Umarova boʻlib, u 1993 yilda Fargʻona viloyatining Quva tumanida tugʻilgan. Avtohalokatga uchramagan, turmushga chiqmagan, ikki nafar farzandi ham yoʻq. Bir oyo­gʻi yaxshi rivojlanmagani sabab Oygoʻzal bolaligidan nogiron. Savdo-sotiq bilan shugʻullanishi-yu, dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlgani yolgʻon.

Oʻrta maʻlumotli O. Umarova muqaddam bir emas, uch marta oʻgʻirlik jinoya­tini sodir etib, sud kursisiga oʻtirgan. Qonunlarda oʻz ifodasini topgan bagʻrikenglik, insonparvarlik tamoyillari bois sud tomonidan unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo ta­yin­langan. Ammo bu qizning koʻzi ochilmagan.

Shu oʻrinda odamlarda Yashnobod tumanining Asalobod 2-dahasidagi “Majnuntol” qahvaxonasi yaqinidagi 2-uyning toʻq­qizinchi qavatidagi xonadon bilan O. Umarovaning biron-bir aloqasi bormi, degan savol tugʻilishi mumkin. Bunga aniqlik kiritadigan boʻlsak, yuqoridagi aynan bir-biriga oʻxshash jinoyatlarni sodir etishdan avval O. Umarova vaqtincha yashash uchun ijaraga uy izlagan. Oʻshanda ushbu binoning lifti nosozligini bilgan. Bundan tashqari toʻq­qi­zinchi qavatdagi xonadon eshiklari qay yoʻsinda joylashgani va qanday rang­da ekanini ham eslab qolgan.

Keyinchalik esa, u bunday jinoiy qilmishlarini amalga oshirishda ustalik bilan foydalangan.

Sud sudlanuvchi O. Umarovani Ji­noyat­ kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi ta­yin­ladi. Shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining 2015 yil 6 avgustdagi hukmining shartliligini bekor qildi. Jinoyat kodeksining 60-moddasiga asosan ilgarigi hukm yuzasidan tayinlangan jazoni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil besh yilu uch oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisida hukm chiqardi. Sud hukmida jabrlanuvchilar T. Xoliqulov, Z. Ortiqov va S. Boboqulovlarga sudlanuvchi tomonidan yetkazilgan moddiy zarar undirilishi alohida koʻrsatib oʻtildi.