O‘zbekistonda elektr energiyasi, gaz va avtomobil yonilg‘isi tariflarini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi xabar qildi.

«O‘zbekneftgaz», «O‘zbekenergo» va «O‘zneftmahsulot» kompaniyalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida narxlarni oshirish masalasi muhokama qilindi. Energoresurslar yetkazib beruvchilari qazib olish, ishlab chiqarish va sotishdagi zararlar o‘sib borayotgani sababli tariflarni oshirish zarurligi haqida ma’lum qilgan.

«Narxlarning qanday shaklda va qancha foizlarda oshirilishining dastlabki muhokamalari o‘tkazilmoqda. Kompaniyalar sezilarli oshirishga qiziqish bildirmoqda, mamlakat rahbariyati buni istamayapti va boshqa yo‘llarini topishni talab qilmoqda», — dedi axborot manbasi.

Resurslar iste’moliga muayyan cheklovlarni joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. «Boshqa davlatlarda ijtimoiy me’yorlar mavjud — sizda limit bor va uning doirasida arzon tariflarda to‘laysiz, u oshganidan so‘ng esa oshirilgan tariflar qo‘llaniladi. Hukumat oltin oraliqni topishga harakat qilmoqda. Biroq hozircha yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q», — dedi suhbatdosh.

«Narxlar katta ehtimol bilan oktyabr o‘rtasida, juda bo‘lmaganda — oxirida oshiriladi», — deya taxmin qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Benzin va dizel yonilg‘isi

«Gazeta.uz» izoh so‘rab «O‘zneftmahsulot» kompaniyasiga murojaat qildi. Kompaniyadan neft mahsulotlari xarajatlari qoplanadigan darajaga erishish uchun chakana narxlar bosqichma-bosqich oshirilishi mumkinligi haqida xabar qilindi.

Avtobenzinning amaldagi narxi 2017 yil noyabrida bir litr uchun 3800 so‘m, dizel yonilg‘isi esa 4600 so‘m etib belgilangan edi. O‘sha vaqtda jahon bozorida Brent markazi neft bir barreli uchun 58 dollarga baholangan. 2018 yil 28 sentyabr holatida ushbu markadagi neft narxi 80 dollarga yetdi, deya izoh berdi kompaniya vakili.

«O‘zneftmahsulot» hisob-kitoblariga ko‘ra, amalda import qilingan xom ashyodan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlari narxlari quyidagichani tashkil etadi:

  • Ai-80 avtobenzini — 6807,2 so‘m/litr (1 tonnadan ko‘rilgan zarar — 3,99 mln so‘m);
  • Ai-91 avtobenzini — 7248 so‘m/litr (1 tonnadan ko‘rilgan zarar — 3,81 mln so‘m);
  • TDL dizel yonilg‘isi — 7211,1 so‘m/litr (1 tonnadan ko‘rilgan zarar — 3,172 mln so‘m);
  • EKO dizel yonilg‘isi — 7252,3 so‘m/litr (1 tonnadan ko‘rilgan zarar — 3,08 mln so‘m).

Import va mahalliy xom ashyo aralashmasidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlari narxi quyidagicha:

  • Ai-80 benzin — 4891 so‘m/litr (1 tonnadan ko‘rilgan zarar — 1,44 mln so‘m);
  • Ai-91 benzin — 5354 so‘m/litr (1 tonnadan ko‘rilgan zarar — 1,36 mln so‘m).
  • TDL dizel yonilg‘isi — 5278 so‘m/litr (1 tonnadan ko‘rilgan zarar — 824,4 tыsyachi so‘m).
  • EKO dizel yonilg‘isi — 7047 so‘m/litr (1 tonnadan ko‘rilgan zarar — 2,83 mln so‘m).

«O‘zneftmahsulot» vakili O‘zbekistonda avtomobil yonilg‘isi narxlari MDHning boshqa mamlakatlari, hattoki eksport qiluvchi davlatlardagidan (Rossiya va Qozog‘iston) ham pastroq ekanini qo‘shimcha qildi. O‘zbekistonda bir litr dizel yonilg‘isi narxi 0,57, Rossiyada — 0,71, Qozog‘istonda — 0,5, Qirg‘izistonda — 0,63, Tojikistonda — 0,83 dollar etib belgilangan. Bir litr avtobenzin narxi 0,47, Rossiyada — 0,59, Qozog‘istonda — 0,4, Qirg‘izistonda — 0,59, Tojikistonda — 0,81 dollarni tashkil etadi.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi tarqatgan xabarda so‘nggi 10 yil ichida import hajmi sezilarli darajada oshgani ko‘rsatilgan. Neft mahsulotlari iste’molida suyuq uglevodorodlar importi 2008 yilgi 16,8 foizdan 2018 yilda 64,3 foizga, bu boradagi xarajatlar hajmi esa 2,6 barobarga o‘sib, 362 mln dollardan 940 mln dollarga yetdi.

2007 yildan 2017 yilgacha davrda benzin, dizel yonilg‘isi, aviakerosin, mazut va boshqa neft mahsulotlari iste’moli 1,7 barobarga yoki yiliga 4,9 million tonnadan 2,9 million tonnaga kamaygan.

«Gazeta.uz» ma’lumotlariga ko‘ra, uglevodorod xom ashyosi kelishi kamayishi bilan neftni qayta ishlovchi zavodlar 34,5 foizlik imkoniyat bilan ishlamoqda. Bu ko‘rsatkich Buxoroda 62,2 foiz, Farg‘onada 23,8 foizni tashkil etmoqda.

Gaz

«O‘zbekneftgaz» ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda kompaniya korxonalarining gaz qazib olish hajmi 1,4 barobarga yoki 2007 yildagi 59 mlrd kub metrdan 2017 yilda 42,3 mlrd kub metrga kamaydi. Neft qazib olish hajmi esa 3,8 barobarga yoki 3 mln tonnadan 0,8 mln tonnaga, gaz kondensati — 28 foizga yoki 1,8 mln tonnadan 1,4 mln tonnaga kamaydi.

Qazib olish hajmlarining kamayishiga asosan «O‘zbekneftgaz"ning 35−40 yildan buyon xom ashyo bazasi hisoblangan «Ko‘kdumaloq», «Gazli», Sho‘rtan guruhi, «Dengizko‘l» konlari zaxiralarining kamayib borayotgani sabab bo‘lmoqda. Gaz qazib olish tannarxi 2000 yildagi 1000 kub metr uchun 3,16 dollardan 2018 yilda 20 dollargacha qimmatlashdi. Bu geologik razvedka, eski konlarda qazib olishni qo‘llab-quvvatlash va yangi zaxiralarni foydalanishga topshirishga mablag‘ kiritish bilan bog‘liq.

Elektr energiyasi

«O‘zbekneftgaz» alohida maqolada elektr energiyasini ishlab chiqarishda xarajatlar tabiiy gazga asoslanishini ko‘rsatib o‘tdi. 2017 yilda mamlakatda 61 mlrd kVt∙s elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, uning 48,8 mlrd kVt∙s yoki 80 foizi tabiiy gaz asosida. Buning uchun qazib olingan gazning 24,3 foizi yoki 15,2 mlrd kub metri sarflangan.

1 yanvar holatiga ko‘ra, «O‘zbekenergo"ning investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun olingan kredit va qarzlar bo‘yicha jami qarzdorligi 2 mlrd dollar yoki o‘z mablag‘larining 114 foizini tashkil etadi. ««Uzbekenergo"ning moliyaviy holatidan kelib chiqib, 2018 yilda qoplanishi lozim bo‘lgan kreditlarni o‘z vaqtida qaytarmaslik xavfi mavjud. Texnologik yo‘qotishlar ham salbiy rol o‘ynamoqda. Uning asosiy qismi elektrostansiyalar uskunalarining eskirgani bilan bog‘liq», — deyiladi xabarda.

Respublikadagi elektr energiyasining qariyb 90 foizi

«O‘zbekenergo» AJning issiqlik elektrstansiyalari tomonidan ishlab chiqarilishi, ularning asosiy qismi (84%) bundan 50 yildan ortiq vaqt avval ishga tushirilgani bois uskunalarning yuqori darajada jismonan eskirgani elektr energiyasini ishlab chiqarishning pasayishiga va uning taqchilligiga olib kelmoqda, shuningdek yonilg‘ining ko‘p sarflanishiga (zamonaviy texnologiyalarga qaraganda ikki barobar ko‘p) va buning oqibatida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi tannarxining ortishiga sabab bo‘lmoqda.

«O‘zbekenergo» kompaniyasi, o‘z navbatida yonilg‘i-energetika resurslari qiymati elektr energiyasini ishlab chiqarishdagi asosiy xarajatlarni tashkil etishini ma’lum qildi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 43 foizga yaqinroqni tashkil etadi.

«O‘zbekenergo» O‘zbekistonda elektr energiyasi tariflari yaqin va uzoq xorij mamlakatlaridagiga qaraganda pastroq ekanini ma’lum qildi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 1 kVt∙s elektr energiyasi Qozog‘istonda 5,1 sentni, Rossiyada — 5,8, Hindistonda — 5, Xitoyda — 5,6, Yevroittifoq mamlakatlarida — 9−14 yevrotsent, O‘zbekistonda — 2,8 sentni tashkil etadi.