O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 27 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonun yuzasidan izoh berdi.

Avvalroq Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev agentliklar tomonidan ko‘rsatiluvchi xizmatlar narxi eng kam ish haqi (184,3 ming so‘m) chegarasida belgilanishi haqida ma’lum qilganini yozgan edik.

««Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, xususiy agentlik, ish izlovchi va (yoki) ish beruvchi shaxslar bilan xizmat ko‘rsatganlik uchun to‘lov hajmi va shartlari ko‘rsatilgan xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma tuziladi, ya’ni to‘lov hajmi va shartlarini xizmat ko‘rsatayotgan tijoriy tashkilotning o‘zi belgilaydi», — deyiladi Mehnat vazirligi xabarida.

O‘zbekiston fuqarosini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatganlik to‘g‘risidagi namunaviy shartnoma 12 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Xorijda ishga joylashtirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy saralash tartiblari to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovada o‘z aksini topgan.

Shartnomaning uchinchi bandida ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs tomonidan belgilangan hisob-kitob hajmi va tartiblari keltirib o‘tiladi.

Litsenziyalovchi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yoki ishchi organ hisoblangan Mehnat vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun xizmat ko‘rsatganlik uchun hisob-kitoblar hajmi va tartiblarini belgilab berish huquqiga ega emas, deya ta’kidlandi vazirlikdan.