Prezident Shavkat Mirziyoyev prezident Emomali Rahmon hamrohligida Tojikistonning Tursunzoda shahriga tashrif buyurdi. Shaharga kiraverishda minglab aholi jam bo‘lib, Shavkat Mirziyoyevni katta xursandchilik, tantana bilan kutib oldi. Milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston prezidentining qo‘shni davlatlar bilan ochiqlik, bag‘rikenglik siyosati hamma tojikistonliklar qatori Tursunzoda aholisiga ham katta quvonch bag‘ishlagan.

Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan Davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma hamda Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risida bitim ikki xalq hayotida ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi. Chegaradan o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklangani, aholining bordi-keldisi uchun o‘ttiz kungacha vizasiz tartib joriy etilgani, avtotransport va samolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgani odamlarga keng qulayliklar yaratmoqda.