«Toshshahartransxizmat» AJning uch katta lavozimdagi xodimlari, jumladan avtokorxonalarning texnik jarayonlari bosh muhandisi, «Toshshahartransxizmat» GPS nazorati tizimi mas’uli va 5-avtobus saroyi direktori o‘z ishlarida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari tufayli lavozimlaridan ozod qilindi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jamiyat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ulardan biri — GPS nazoratini tubdan takomillashtirish, xususan tizim orqali avtobuslarning qatnovlari sonini avtomat tarzda hisoblab borish belgilangan.

Shuningdek, bosqichma-bosqich dispetcherlik xizmatidan voz kechgan holda, avtobuslar harakati nazoratini to‘la kompyuterlashtirish ham ko‘zda tutilmoqda.