Joriy yilning 25 sentyabr kuni Saudiya Arabistonning «Al Hidaya Global Company LTD» kompaniyasi boshqaruv kengashi vakili Saleha Bahvini boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolarini viloyat hokimi G‘.Mirzayev kutib oldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad bugungi kunda Sirdaryo viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish, shuningdek, baliqchilik va yirik chorvachilik komplekslari, ishlab chiqarish sexi hamda xorijiy sayyohlar uchun ixtisoslashgan yovvoyi hayvonlarni yetishtiruvchi majmua va boshqa tegishli infrastruktura qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni muhokama qilishdan iboratdir.

Janob Saleha Bahvini loyihaning umumiy qiymati 150 mln. AQSH dollari ekanligi hamda uni amalga oshirish uchun viloyat hududidan 2500 gektar yer maydoni zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Muzokaradan so‘ng, delegatsiya a’zolari viloyatning diqqatga sazovor joylarini hamda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyiha uchun ajratilishi rejalashtirilayotgan hududni ko‘zdan kechirishdi.