27 sentyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlisni olib borgan Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev parlament ishi samaradorligi, ijro hokimiyati organlari bilan hamkorlikdagi ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tdi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Ayrim vazirlik va idoralar rahbarlari vakillik organi bilan munosabatlarga hamon qonun talabi asosida yondashmayapti, — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev. — Xususan, Senat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari tomonidan joriy yil 15 avgustda poytaxtdagi madaniyat va istirohat bog‘laridagi bir qator jiddiy kamchiliklar yuzasidan madaniyat vaziri B.Sayfullayevga senator so‘rovi yuborilgan edi. Bu so‘rov atrofidagi ayrim holatlarni aynan madaniyat namoyondalari ta’biri bilan aytganda, „hangoma“ sifatida baholash mumkin».

Senat raisining tak’idlashicha, ushbu so‘rovnoma yuzasidan javob oradan qariyb 40 kun vaqt o‘tganidan keyin qayta murojaat asosida olindi. Ikkinchidan, senator so‘roviga bepisandlik bilan tayyorlangan, qo‘yilgan birorta savolga oydinlik kiritilmagan, buning ustiga, vazirning o‘rinbosari imzolagan yarim varaqlik javobi, e’tibor bering, Senatga emas, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yuborilgan.

«Bundan vazirlik mas’ullari nafaqat qonunchilik talablari, o‘z majburiyatlari, hattoki senator Qonunchilik palatasida emas, Senatda ishlashidan ham bexabar ko‘rinadi, — deya o‘z so‘zini davom ettirdi Nig‘matilla Yo‘ldoshev. — Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Madaniyat vazirligidek nufuzli idoraning mas’ul xodimlari parlamentga, ya’ni xalq vakillariga nisbatan shunday munosabatda bo‘lsa, ularning davlat siyosati mohiyatini to‘liq anglab yetganiga, zimmasiga yuklatilgan muhim vazifalarni bekamu ko‘st amalga oshirayotganiga kim kafolat beradi?!»

Parlament yuqori palatasi rahbari bu masala bo‘yicha Madaniyat vazirligi, qolaversa, Vazirlar Mahkamasidan ham izoh kutilishini ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, Senat qo‘mitalarining tegishli masalalar bo‘yicha murojaatlariga boshqa aksariyat vazirlik va idoralar ham sayoz, asossiz va nomigagina tayyorlangan «shablon» tarzidagi ma’lumotlar bilan javob qaytarmoqda.

Masalan, bugungi kunda Senatga huquqni muhofaza qilish organlaridan asossiz ravishda ishdan bo‘shatish hollari bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Nazoratga olingan murojaatlar yuzasidan esa, aksariyat javoblar bir xil mazmunga ega. Ya’ni, fuqaro tomonidan bildirilayotgan vajlarga aniq javoblar yo‘q.

«Savol tug‘iladi: yuzlab fuqaro o‘z ish joyida ishdan bo‘shatishga sabab bo‘ladigan bir xil qoidabuzarlikni bir paytning o‘zida sodir etishi mumkinmi?, — deya yuzlandi Nig‘matilla Yo‘ldoshev. — Buning ustiga Senatga tegishli ma’lumotlarni belgilangan muddatdan kechikib, shunda ham qayta-qayta murojaatlardan so‘ng taqdim etish surunkali tus olmoqda.

Hukumat tomonidan ijro intizomini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganiga qaramasdan, Senat bilan bog‘liq munosabatlarda bu choralarning amaliy natijasi sezilmayotgani afsuslanarli holdir.

Senat raisi yana bir holatni tilga olib o‘tdi. Vazirlik va idoralar tomonidan qo‘mitalarning hatto qonunlar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirlariga ham shu qonunlar to‘g‘risida yetarli bilimga, zarur ma’lumotga, qolaversa, tegishli vakolatga ega bo‘lmagan xodimlar jo‘natilmoqda. Oqibatda ularga senatorlar tomonidan berilayotgan savollar javobsiz qolmoqda.

«Biz bunday holatlarni parlamentga nisbatan bepisandlik deb tushunamiz, — dedi u. — Fursatdan foydalanib, bugun zalda o‘tirgan vazirlik va idoralar rahbarlariga muhtaram Prezidentimizning quyidagi ta’kidlarini yana bir karra eslatib o‘tmoqchiman: xalq vakiliga bepisandlik — xalqqa bepisandlik deb baholanadi».

Nig‘matilla Yo‘ldoshev tahlillar yakunlanish arafasida ekani, har bir vazirlik va idora bilan hamkorlik borasidagi to‘siq va muammolar haqidagi ma’lumotlarni tegishli instansiyalarga zarur choralarni ko‘rish uchun taqdim etilishini ma’lum qildi.