2018 yilning 25 sentyabridan Toshkentda yo‘llarda o‘rnatilgan radarlar tungi vaqtda hamishlay boshladi, deya xabar qiladi IIBB matbuot xizmatiga tayanib Norma.uz sayti.

Tungi radarlar — ruxsat etilgan harakatlanish tezligi oshirilishi holatlarini aniqlaydigan aloqasiz texnik vosita. Qoidabuzarliklar haqidagi bildirish xati haydovchilarga pochta orqali yuboriladi. Idora bergan ma’lumotlarga ko‘ra turg‘un va ko‘chma radarlar haqida so‘z bormoqda.

Bu yangilik haydovchilarda «Radarlardan foydalanilayotganligi haqida ogohlantiriladimi?», «Ogohlantiruvchi belgilar qo‘yiladimi?» degan savollar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Bu holat IIBBda quyidagicha sharhlandi: «Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq aholi yashaydigan joylarda transport vositalari tezligini soatiga 70 kilometrdan, ayrim joylarda (tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan joylarda) — soatiga 50 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi». Shu tariqa, har qanday holatda ham tezlik rejimiga rioya qilish kerak, chunki ko‘chma radarlar o‘rnatilgan joylarda ogohlantiruvchi belgilar bo‘lmasligi mumkin.

Radarlar ishga tushgan birinchi tunda Amir Temur shohko‘chasining o‘zida tezlik oshirilgan 232 holat aniqlandi.

Ma’lumot uchun: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−3-moddasiga muvofiq belgilangan harakat tezligining oshirib yuborilishi EKIHning 10 baravari miqdorida jarima solinishiga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 2 yilgacha muddatga mahrum etilishiga olib keladi (jazo chorasi tezlik qanchaga oshirilganligiga va huquqbuzarlik takrorlanishiga qarab belgilanadi).


https://www.norma.uz/uz/bizning_sharhlar/yuldagi_radarlar_tungi_vaqtda_ham_ishlay_boshladi