Rossiyaning Orenburg viloyatida logistik xab — O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari ulgurji-taqsimlash markazini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 25 sentyabr kuni Orenburg gubernatorining O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, markaz Akbulak tumani hududida quriladi.

Orenburg viloyati gubernatori Yuriy Berganing so‘zlariga ko‘ra, tumanda zarur infratuzilma, avtotrassa, temir yo‘l stansiyasi, gaz quvurlari va yuqori voltli elektr tarmoqlari mavjud.

Orenburg viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 2017 yilda 210,2 mln dollarga yetdi. Joriy yilning faqatgina birinchi yarmida o‘zaro savdo aylanmasi 191 mln dollarni tashkil etdi.