Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida senatorlar «Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Jumladan, «Notariat to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan, shu jumladan, notarial idorada kamida bir yil stajirovka o‘tagan, malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi notarius bo‘lishi mumkin.

Sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan o‘tish talab qilinmaydi.

Senatorlar tomonidan mazkur qonunning qabul qilinishi tegishli tashkilotlar, ayniqsa, notariat idoralari faoliyatini yanada yaxshilab, faoliyatini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi xususida fikr bildirildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.