26 sentyabr kuni Toshkentdagi «Universal» sport saroyining majlislar zalida O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Adliya vazirligi vakillari, federatsiya Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, viloyat federatsiyalari rahbarlari, hakamlar, murabbiylar, terma jamoa a’zolari ishtirok etishdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston karate federatsiyasi matbuot xizmati.

Kun tartibidan viloyat federatsiya rahbarlari, O‘KMF bosh hakami va terma jamoalar murabbiylaridan kelib tushgan murojaat va arizalarni ko‘rib chiqish, shuningdek, tashkilotga yangi rahbar saylash masalalari o‘rin olgandi.

Yig‘ilish davomida federatsiyada yuzaga kelgan bir qator masalalar ko‘rib chiqildi, muhokama qilindi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston karate federatsiyasi raisi lavozimiga Alamjon To‘xtasinovich Mullayev nomzodi ilgari surildi. Konferensiya ishtirokchilari esa ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashdi. Shu tariqa, Alamjon Mullayev tashkilotning yangi rahbariga aylandi.