2018 yilning 31 avgust kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom» guruhida Toshkent shahrida joylashgan 210-sonli umumta’lim maktabi hovlisida yuk mashinasi darsliklarni xuddi o‘tinni tashlab ketganday qilib tashlashgani haqida ma’lumot chop etilgan edi.

Xalq ta’limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati xodimlari ushbu holatni o‘rganib chiqdi va o‘z ishiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgan 210-sonli umumta’lim maktab direktori Dilfuza Saidmurodova o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu bilan birga, Xalq ta’limi vazirligining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasiga ushbu maktabda o‘tkazilgan ta’mirlash ishlari yuzasidan shikoyatlar ham kelib tushdi.

Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, 210-sonli umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda 56,5 mln. so‘mga yaqin haqiqatda bajarilmagan ish hajmlarini qo‘shib yozilgani, shuningdek, endilikda sobiq maktab rahbari o‘quv muassasasi binosining buzilishidan chiqqan qurilish materiallarini va hududdagi daraxtlarni noqonuniy kesib, sotib yuborganligi holatlari aniqlangan.

Tekshirish natijasida aniqlangan faktlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga qonun doirasida ko‘rib chiqish uchun yuborildi.