Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari boshqa huquq-tartibot organlari vakillari bilan birgalikda xorijiy valyutaning noqonuniy savdosiga qarshi kurash bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali xabar qildi.

Yangibozor tumanidagi Bo‘zqala qishlog‘ida Muzaffar Ro‘zimov va Erkin Jumaniyozov sotishga mo‘ljallab qo‘yilgan 40 ming dollarning 20 ming dollarini 162,4 mln so‘mga sotayotganda ushlandi. 1 dollar 8120 so‘mdan hisoblangan.

Muzaffar Ro‘zimovning avtomobilidan noqonuniy aylanma uchun mo‘ljallangan 11,8 mln so‘m, Erkin Jumaniyozovning mashinasidan esa 2,5 mln so‘m mablag‘ topildi. Pullar daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari ham xuddi shunga o‘xshash holatga barham berdi. «O‘zsanoatqurilishbank"ning Qorovulbozor filialida hisobchi bo‘lib ishlovchi Azizbek Ro‘ziyev valyuta oldi-sottisi bilan shug‘ullangan.

Tergov vaqtida Azizbek Ro‘ziyev fuqaro Toshev bilan 8000 dollarni 64,2 mln so‘mga sotish bo‘yicha kelishgani aniqlandi. Bunda bank xodimi pulni bank kassasiga kiritmasdan, tanishi Shuhrat Temirov orqali 8000 dollarni yetkazgan.

Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.