Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev aholining barcha qatlamlari o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish, mavjud sport inshootlarining moddiy-texnik ahvolini o‘rganish maqsadida Sirdaryo viloyatida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘rganish davomida Guliston tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida davlat mablag‘lari evaziga xarid qilingan ko‘plab sport jihozlari va inventarlari foydalanmasdan omborxonada saqlanayotgani, 2008 yilda qurilib foydalanishga topshirilgan Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati bazasida usti yopiq basseyn 2 yildan beri faoliyat ko‘rsatmayotgani, Yangiyer tumani bolalar-o‘smirlar sporti maktabining usti yopiq basseynning isitish tizimidagi nosozlik sababli yil bo‘yi foydalanish imkoniyati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Vazir Dilmurod Nabiyev yosh avlod salomatligi yo‘lida yirik miqdordagi davlat mablag‘lari hisobiga qurilgan ushbu inshootlar foydalanilmayotgani achinarli holat ekanini ta’kidlab, mutasaddilarga muammolarni qisqa fursatlarda bartaraf etish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, muassasa rahbarlariga zamonaviy marketing usullaridan unumli foydalangan holda davlat-xususiy sherikchiligi ko‘rinishi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, olingan daromad hisobidan basseynlar ish faoliyatini samarali tashkil etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va fidoyi murabbiylarni taqdirlash lozimligi ta’kidlandi.

Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda sport ta’limi muassasalari rahbarlariga yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish, har bir bolaga kunning istalgan payti ushbu muassasalarga tashrif buyurib futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, badminton kabi sport turlari bilan shug‘ullana olishi uchun qulay imkoniyat yaratish vazifasi topshirildi.

Joriy yilning 20 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qurilish ishlari orqada qolayotgan inshootlar bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.

Vazir mazkur inshootlar qatorida bo‘lgan Boyovut va Xovos tumanlaridagi bolalar-o‘smirlar sport maktablarining qurilishi yakunlanmay qolgan bazalarida bo‘lib, u yerda mahalliy hokimlik mutasaddilari va qurilish tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashdi. Muloqot yakunida mazkur masala ijobiy hal qilinib, zarur mablag‘lar qisqa muddatda o‘tkazilishi belgilandi. Quruvchilardan ham o‘z navbatida sport ob’ektlarini qurishda, avvalo, sifatga e’tibor qaratish so‘raldi.

Tashrif davomida mutasaddilarga aholining keng qatlamini sportga jalb qilish, ayniqsa sport bilan shug‘ullanmaydiganlar ro‘yxatni shakllantirib, ularga mos sport turlarini tavsiya etish orqali ularni sportga jalb qilish, barcha yoshdagi aholining sport bilan shug‘ullanishlari, korxona tashkilotlarda xodimlarida sog‘lom turmush tarzi, jismoniy tarbiya ko‘nikmasini shakllantirish uchun barcha shart sharoitlarni yaratish, o‘zaro musobaqalar tashkil etish bo‘yicha vazifalar berildi.

Yakunda o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan va yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari yo‘lida davlat tomonidan yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanmasdan, o‘z holiga tashlab qo‘ygan 5 nafar rahbar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi.