2018 yil 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Aksiyadorlik tijorat «Xalq banki"da ijro etilishini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda senatorlar, bank-moliya sohasi mutaxassislari, vazirlik, idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq 2005 yilning 1 yanvaridan O‘zbekistonda jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimi joriy etilgan bo‘lib, hukumatning 2018 yil 26 martdagi qaroriga asosan 2018 yil 1 aprelidan e’tiboran barcha fuqarolarni pensiya ta’minoti tizimida hisobga olish ishlari faqat Davlat xizmatlari agentligi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilib kelinmoqda. Tatbiq etilgan yangiliklar tufayli jarayon ishtirokchilarining ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo‘yildi.

Ma’lum bo‘lishicha, pensiya ta’minoti tizimidagi shaxsiy ma’lumotlar AT «Xalq banki"da alohida tashkil etilgan yagona ma’lumotlar elektron bazasi va arxivlarida xavfsizlik choralari ko‘rilgan holda saqlanadi, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 31 maydagi qarori ko‘ra, hisobvaraqlar tartib raqami Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan fuqaroning identifikatsiya raqami asosida berib kelinmoqda.

2018 yil 1 iyul holatiga AT «Xalq banki» filiallarida pensiya ta’minoti tizimi ishtirokchilari soni 11,3 millionga yetib, ulardagi mablag‘lar miqdori 2,9 trillion so‘mdan oshgan.

Tizim joriy etilganidan boshlab 2018 yilning 1 iyuligacha nafaqa yoshiga yetgan yoki qonunchilikda belgilangan boshqa holatlar bilan jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi vujudga kelgan 1,2 million shaxsga 450,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar to‘lab berilgan. 2017 yil yakuni bo‘yicha pul qadrsizlanishiga nisbatan tizim ishtirokchilari hisobvaraqlariga 324,5 milliard so‘m mablag‘ hisoblab qo‘shilgan.

Shu bilan birga, majlisda «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Aksiyadorlik tijorat «Xalq banki"da ijro etilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlarda qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganligi qayd etildi.

Jumladan, AT «Xalq banki"ning tranzit hisobraqamiga pensiya ta’minoti tizimi uchun ish beruvchilar tomonidan o‘tkazilgan mablag‘larga xodimlar reyestrlari berilmaganligi sababli 2018 yilning 1 iyul xolatiga 768 mingdan ortiq tizim ishtirokchilari hisobvaraqlariga 16,2 milliard so‘m kirim qilinmagan.

Davlat soliq qo‘mitasi hamda AT «Xalq banki» respublika boshqaruvi o‘rtasida reyestr taqdim etmagan sub’ektlar to‘g‘risida oylik onlayn ma’lumot almashuvi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, soliq idoralari tomonidan bu topshiriqlar ijrosiga e’tibor berilmagan.

Misol uchun, «Farg‘ona elektr tarmoqlari» korxonasi 10 ta holatda 3,3 million so‘m, Namangan shahar «Lider-Alfa security» MCHJ 25 ta holatda 1,1 million so‘m, Buxoro viloyati Qorako‘l tumani tibbiyot xodimlari kasaba uyushmasi 6 ta holatda 0,5 million so‘m mablag‘larga xodimlar ro‘yxatini taqdim etmagan. Tabiiyki, bu holatlar ishtirokchilar mablag‘lariga foizlarning hisoblanmasdan qolishiga sabab bo‘lgan.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan mazkur tizimda mavjud muammolarni hal etishda «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini to‘liq ta’minlashga, tizim mablag‘larini depozitlarga joylashtirishda amaldagi inflyatsiya darajasini inobatga olishga, tegishli vazirlik va idoralar bilan o‘zaro hamkorlikni qayta ko‘rib chiqish va uning tizimliligiga erishish, axborot almashuvining interfaol usullaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Majlis yakuni bo‘yicha Qo‘mitaning ushbu yo‘nalishda qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish yuzasidan qarori qabul qilindi.