Qashqadaryo viloyat Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan Muborak tuman hokimi yordamchisi hamda moliya bo‘limi boshlig‘i pora olayotgan vaqtda ushlandi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturi.

Muborak tumanining Qoraqum qishlog‘ida 2 km uzunlikdagi maxsus piyodalar yo‘lagini yotqizish uchun qurilish tashkiloti hisob raqamiga 302 mln so‘m o‘tkazilishi lozim bo‘lgan. Biroq ushbu mablag‘larni o‘tkazish uchun Muborak tuman hokimi yordamchisi Azizbek Shukurov mazkur pullarning 7 foizi, ya’ni 21 mln so‘mni talab qilgan.

Tezkor tadbir natijasida u pul mablag‘larini olayotgan vaqtda ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Azizbek Shukurov pulni Muborak tuman hokimiyati moliya bo‘limi boshlig‘i Samad Qo‘yliyevga yetkazishi kerak bo‘lgan. U Qarshida o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida 21 mln so‘mni o‘z avtomobili salonida olayotganda ushlandi.

Samad Qo‘yliyev 2017 yil iyunidan buyon moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ayblanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi, tergov harakatlari olib borilmoqda.