2018 yil 25 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri va uning o‘rinbosari ishtirokida vazirlikning majlislar zalida Madaniy meros sohasidagi mavjud muammo va kamchiliklar haqida tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishdada Madaniy meros bosh boshqarmasida amalga oshirilayotgan ishlarning qoniqarli emasligi ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilib, tegishli taqdimnomalar kiritilganligi barchaga e’lon qilindi va taqdimnomaga ko‘ra barcha rahbarlar hisobot berdilar.

«Biz bu taqdimnomalarni bir necha bor muhokama etib tegishli choralarni ko‘rgan bo‘lsakda, bu sohada xanuzga qadar biron bir sezilarli o‘zgarishni ko‘rmayapman. Madaniy meros sohasida 4 ta qonunosti hujjat qabul qilinmagan. Bu o‘z navbatida, huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Sohada ta’sirchan davlat nazoratini amalga oshirish va ilmiy izlanishlarni muvofiqlashtirish ishlari ham talabga javob bermaydi» — dedi vazir.

Oxirgi ikki yilda ob’ektlarga jiddiy zarar yetkazish bilan bog‘liq 14 ta holat qayd etilgan. 2017 yilda 58 ta arxeologiya tadqiqotiga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, tadqiqotidan so‘ng arxeologiya yodgorliklari konservatsiya qilinmaganligi ta’kidlandi. Ob’ekt davlat himoyasida ekani haqida ogohlantiruvchi yagona nishon — bu muhofaza belgisi bo‘lsada, hozirgacha bunday belgilar respublika bo‘ylab 25 foiz ob’ektlarda bor xolos, 75 foiz, esa, ya’ni 5 585 ta ob’ektlarga hozirga qadar ham muhofaza belgilari o‘rnatilmagan ko‘rsatib o‘tildi. Ob’ektlarni hisobga olish va davlat kadastrini yuritish — sohada hal qiluvchi masaladir. Kadastr — bu ob’ektning tarixi, egasi, chegarasi, texnik va huquqiy holatini belgilovchi yagona hujjat hisoblanadi.

Hozirda 77 foiz, ya’ni 5 748 ta ob’ektning kadastr hujjati mavjud emas, 78 foiz, ya’ni 5 863 ta ob’ektlar haqida axborot davlat kadastrlari yagona elektron tizimiga kiritilmagan.

Shunga ko‘ra, Kadastr ishlarini bajarish holati Toshkent viloyatida — 0,1foiz, Sirdaryoda — 4 foiz, Samarqandda — 16 foiz, Surxondaryoda — 16 foiz, Namanganda — 23foiz, Toshkent shahrida — 25 foizni tashkil qiladi.

Bunday muammo va kamchiliklarda «Hududiy inspeksiya boshliqlari tomonidan ob’ektlarni saqlash bo‘yicha mavjud ishlar umuman talab darajasida emas. Inspeksiyadagi xodimlarning malakasi lavozim talablariga javob bermaydi» deb, ta’kidladi Baxtiyor Sayfullayev.