2018 yil 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari, amaliyot va muammolar» mavzusida konferensiya o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, ichki ishlar, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, oliy va o‘rta ta’lim vazirliklari mutasaddilari, Yoshlar ittifoqi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishtizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda 2017 yil 29 noyabrdagi «Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorlarida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlarida bir qator tashkiliy-amaliy va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Davlat rahbarining ichki ishlar organlarini har tomonlama salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash borasidagi tashabbusi bilan yoshlarni ichki ishlar organlariga tayyorlash tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tizimidagi 14 ta akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari bino va inshootlari, moddiy-texnik vositalari, o‘quv uskunalari hamda boshqa mulklari bilan birga ma’muriy-xo‘jalik xodimlari va o‘qituvchilar tarkibini saqlab qolgan holda Ichki ishlar vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Ushbu muassasalarda 7800 dan ziyod yoshlar o‘qitilyapti. Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida to‘rtta yo‘nalishda yetuk, malakali kadrlar tayyorlanyapti.

Shu bilan birga tadbirda mazkur tizim rivojiga to‘sqinliq qilayotgan ayrim muammolarga hamto‘xtalib o‘tildi. Konferensiya ishtirokchilari ichki ishlar organlariga kadrlar tayyorlash hamda ularni joy-joyiga qo‘yish, kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish borasida amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish, vazirlik tizimida huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidlab o‘tdilar.

Ichki ishlar organlari tizimida shaxsiy tarkibni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xodimlar o‘rtasida turli favqulodda holatlarning va noo‘rin xatti-harakatlarning oldini olish yuzasidan ishlarni samarali tashkil etish, xizmat intizomini buzish, qonuniylikka rioya qilmaslik holatlarining oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlarini yanada jonlantirish lozimligi qayd etildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar va boshqalar ichki ishlar organlarida tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish, ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish tizimining shaffofligini ta’minlash va sohada olib borilayotgan islohotlarni kuchaytirish lozimligini ta’kidlab o‘tdilar.

Anjuman yakunida ishtirokchilar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.