Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning joriy yil 22 sentyabrda imzolangan qaroriga ko‘ra, endilikda viloyat, tuman, shahar hokimliklari mansabdor shaxslarining hokimlik balansida bo‘lgan davlat xizmat avtomashinalarini boshqarishi taqiqlanadi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi saytida xabar berildi.

Hokimliklar xizmat avtomashinalarini haydovchi o‘rniga mansabdor shaxslarning boshqarishi oqibatida turli xil yo‘l-transport hodisalarining sodir etilgani, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik holatlari shunday qaror qabul qilinishiga sabab bo‘lgan.

Bundan buyon hokimlik xizmat avtotransport vositalarini faqat biriktirilgan haydovchilar boshqaradi.